Jamiyat | 19:15 / 06.09.2020
9810
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat hokimligi Urgutdagi suv muammosi borasida munosabat bildirdi

Kun.uz'da bugun, 14:45 da «Urgutdagi ikki qishloq mojarosi: nuroniylar o‘zaro murosa yo‘lini qidirishlari kerak emasmidi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda Urgutdagi ikki qishloqning suv talashgani mojarosi haqida so‘z borgan.

Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati bu borada hokimlik munosabatini e'lon qildi.

«Azal-azaldan aholi zich joylashgan hududlarda yer va suv masalasi dolzarb muammolar sirasiga kirgan. 513 mingdan ortiq aholi yashovchi Urgut tumanining tog‘li hududlarida ham shu kabi masalalar ba'zida ko‘zga ko‘rinib, ba'zida aholi tortishuvlariga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, «Kamongaron» va «Vag‘ashti» mahallalarida ham uzoq yildan buyon ichimlik suvi taqsimoti bilan bog‘liq muammo mahalliy aholining e'tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Ushbu ikki qishloq ahlining ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish, tun-u kun kafolatlangan toza ichimlik suvi ta'minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida bugungi kunda qator loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Bugun «Kamongaron» va «Vag‘ashti» mahallalarining faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda shu mavzu atroflicha muhokama etildi.

Erkinjon Turdimov bir hafta muddat ichida mavjud suv tarmoqlarini tozalash, ayrim hududlarda ta'mirlash-tiklash ishlari olib borilishini ma'lum qilgan holda parallel ravishda bugungi kunda aholini qiynab kelayotgan sutka davomida 2-3 soat yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvi masalasini yaxshilash, ya'ni 24 soat davomida suv ta'minotini ta'minlash imkonini beruvchi suv taqsimlash hamda tozalash inshootlarini barpo etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilayotganini ma'lum qildi.

Viloyat hokimi loyihalar tuzilishida hudud aholisining fikrlari, takliflari ham hisobga olinayotganligini qayd etdi.

Tez fursatda loyiha takliflari taqdimoti o‘tkazilib, mahalliy aholi bilan hamfikrlikda maqbul loyiha taklifini amaliyotga tadbiq etish borasida ishlar boshlanishi bildirildi. Viloyat hududlarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash borasidagi ishlar davom etmoqda», deyiladi viloyat hokimligi bayonotida.

Mavzuga oid