O‘zbekiston | 22:40 / 10.09.2020
7796
2 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chalarda kamida 5 kunlik ichimlik suvi zaxirasi bo‘lmasa, ularga ishlashga ruxsat berilmaydi - MTV

O‘zbekistonda 900dan ortiq bog‘chada ichimlik suviga aloqador muammo bor. Pandemiya sharoitida bog‘chalar faoliyat yuritishi uchun ulardan kamida 5 kunlik ichimlik suvi zaxirasiga ega bo‘lish talab etiladi.

Agrippina Shin

Bu haqda maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Toza ichimlik suvi bilan ta'minlash – MTTlar ochilishi uchun belgilangan alohida talablardan biri. Yaqinda bosh vazir boshchiligida o‘tkazilgan videoselektorda ham ichimlik suvi muammosi vazirlikning o‘zi tomonidan ham ko‘tarib chiqilgan. Sababi bu muammo – tizimning og‘riqli nuqtalaridan biri. 939ta MTTda ichimlik suvi yetkazib berish va uni saqlash muammosi bor. Hozir bu muammo ustida ishlanmoqda.

Lekin agar MTTlarda 5 kunlik ichimlik suvi zaxirasi bo‘lmasa, ularning faoliyat boshlashiga ruxsat berilmaydi», –dedi Agrippina Shin 10 sentyabrdagi matbuot anjumanida.

Umida Muhiddinova

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Umida Muhiddinova bog‘chalarning kirish qismlarida dezinfeksion yo‘laklar o‘rnatilmasligini aytib o‘tdi.

«Pandemiya sharoitida MTTlar faoliyat yuritishi uchun sanitariya-epidemiologiya normalari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, MTTlarning kirish qismida xlorli to‘shaklardan foydalaniladi. Ular orqali bolalar oyoq kiyimlarini tozalagan holda ichkariga kirishadi. Lekin xlorli yo‘laklardan foydalanilmaydi. Ularning sog‘likka salbiy ta'siri borligi sababli foydalanilmaydi», – dedi vazirlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentyabrdan Toshkent shahri va viloyatining har bir tumanida bittadan MTT ochilgan, viloyatlarda esa 14 sentyabrdan MTTlar ochilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid