Mehnat kodeksi mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan asosiy qonun hisoblanadi. Lekin, qabul qilinganiga 25 yil to‘lgan mazkur kodeks bugungi kun talabiga javob bermay qoldi, deb yozadi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kodeksda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishi kabi bir qator masalalar hisobga olinmagan. 

“Amaldagi kodeks 294 moddadan iborat bo‘lib, unda ishlamaydigan havolaki normalar ham talaygina. So‘nggi yillarda mehnat bozoridagi vaziyat ham o‘zgardi, qabul qilingan sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida ko‘pgina yangi institutlarni, yangi mexanizmlarning amaliyotga kiritilganligi kodeksni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini tug‘dirdi”, - deydi u.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, hukumat tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat.

Qonun loyihasining asosiy jihati u to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan xususiyatga ega bo‘lib, qo‘shimcha qonunosti hujjatlarni qabul qilishni talab qilmaydi.

Qayd etilishicha, loyihada ish beruvchi sub'yektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat'i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoidaning belgilanishi ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlarini doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi.

Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka oid alohida bo‘limda mazkur munosabatlarning huquqiy asosi ochib berilmoqda. Ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi mehnat va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini muvofiqlashtirishdagi hamkorlikni ta'minlashga qaratilgan tizimni nazarda tutadi.

Loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslarning, o‘rindoshlik asosida ishlovchilarning, kasanachilar mehnatining, masofadan ishlovchi xodimlarning, shuningdek, navbatchilik uslubida ishlayotgan shaxslar mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari batafsil bayon etilmoqda.