O‘zbekiston | 21:12 / 30.03.2023
28008
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat idoralarida qisqartirish bilan bog‘liq ishdan bo‘shatishlar vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda ma’muriy islohot doirasida davlat organlaridagi shtatlar qisqarishi sabab xodimlarni ishdan bo‘shatish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov topshiriq bergani aytilmoqda. Holatga Bandlik vazirligi izoh berdi.

Foto: Kun.uz

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov ma’muriy islohotlar doirasida yangi va qayta tashkil etilgan vazirlik va idoralar xodimlarining mehnat shartnomalarini bekor qilishni vaqtincha to‘xtatish haqida topshiriq bergan. Bu haqda yurist Saidali Muxtoraliyev ma’lum qildi.

Uning ma’lum qilishicha, mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish muddatlari uzaytirilishi ham ko‘zda tutilgan. Yurist bu xabarni unga Bandlik vazirligi Mehnat inspeksiyasi mas’uli Laziz Qarshiyev ham tasdiqlaganini bildirgan.

Vazirlik matbuot xizmati qisqarishga tushgan shtatlardagi xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘xtatilganini tasdiqladi.

“Hozirgi kunda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarga mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.

Mehnat kodeksining 102-moddasi talablaridan kelib chiqib, ogohlantirish muddatlarini uzaytirish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.

Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi 1-qismi 1-bandida ogohlantirish muddati kamida 2 oy oldin berilishi kerakligi belgilangan. Shunga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan ushbu ogohlantirish muddatini uzaytirish qonuniy hisoblanadi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlanishicha, belgilangan muddatlarda ishga joylasha olmagan xodimlarning ogohlantirish muddatini uzaytirish ularga o‘ziga maqbul ish o‘rni topishida imkoniyat yaratadi.

“Bundan tashqari, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘ri rasmiylashirilgani, yetarli asoslar mavjudligi va belgilangan tartibga rioya etilganligini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etamiz.

Amaldagi Mehnat kodeksining 92-moddasiga ko‘ra, shtatlar soni qisqartirilgan ish beruvchi xodimni ishga joylashtirish choralarini ko‘rishi shart. Ushbu talabga rioya etilmagan taqdirda noqonuniy ishdan bo‘shatish hisoblanadi”, – dedi Mehnat vazirligi matbuot kotibi Faxriddin Hayitov.

Eslatib o‘tamiz, 25 yanvardagi prezident farmoniga asosan, vazirlik va idoralardagi shtat birliklari soni 17 447 taga (24 foizga) qisqarishi belgilangan.

Xususan, rahbarlarning o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha qisqarishi kerak. Natijada kamida 703 ta avtotransport vositasi va 10 ta bino bo‘shashi, 1,5 trln so‘m iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Farmonda vazirlik va idoralarning nobudjet mablag‘laridan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarni kiritish qat’iyan taqiqlandi (ishlab chiqarish shtatlarini kiritishga taqiq yo‘q).

Mavzuga oid