O‘zbekistonda terminologiya sohasiga oid yangi lug‘atlar tuzilmoqda
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi Shuhrat Ko‘chimov 15 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida nashrga tayyorlanayotgan yangi lug‘atlar haqida ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, yaqin kunlarda «Ijtimoiy-siyosiy terminlar lug‘ati» nashr etilishi rejalashtirilyapti. Ushbu lug‘at 5000–6000 atrofidagi terminlarni o‘z ichiga oladi.
«Bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy sohada terminlarni tartibga solishda muammolar bor. Terminlarni ba'zi nashrlar, ba'zi bir fuqarolar o‘z bilganlaricha ishlatishyapti. Chet tildan kirib keladigan terminlarni 100 foiz qabul qilish yaxshi oqibatga olib kelmaydi. Shu bilan birga, chetdan kirib keladigan terminologiyaga butun eshigimizni yopib qo‘ysak, bu ham yaxshi holatlarga olib kelmaydi. Biroq ba'zan o‘zbek tilida bor so‘zlarni ham ishlatmayotganga o‘xshayapmiz», – dedi Shuhrat Ko‘chimov.
Uning ta'kidlashicha, bunday holatlarda olimlarning vazifasi – ilmiy tavsiyalarni ishlab chiqish, terminlarni qabul qilish prinsiplarini ko‘rsatib berish. Ularni jamiyatda ishlatayotganda har bir mutaxassis, har bir OAV vakili mas'ul hisoblanadi.
Ma'lum bo‘lishicha, institut olimlari «Yuridik terminlar lug‘ati» ustida ham ishlashmoqda.
«Yuridik terminlar bo‘yicha ham muammolar bor. Yaqin orada «Yuridik terminlar lug‘ati»ni ham nashr etishni rejalashtiryapmiz», dedi Shuhrat Ko‘chimov.