Jahon | 23:45 / 15.09.2020
13870
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning saylovoldi plakatlarida Rossiya samolyotlari aks etgani aniqlandi

AQSh prezidenti Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi AQSh qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlashga chorlovchi mojaroli reklama plakatlarini chiqardi. Gap shundaki, plakatda AQSh qiruvchi samolyotlari emas, balki Rossiyaning MiG-29 samolyotlari tasvirlangan bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, plakatdagi askarlardan birining qo‘lida Kalashnikov avtomatini ilg‘ash mumkin bo‘lgan. 

“Qo‘shinlarimizni qo‘llab-quvvatla” degan yozuv bo‘lgan plakat 8 sentyabrda e'lon qilingan va 12 sentyabrda foydalanishdan olib tashlangan. Ushbu plakat Politico nashri e'tiborini tortgan va nashr plakatdagi g‘alizliklar yuzasidan ekspertlar fikrini bilishga qaror qilgan. Ular, o‘z navbatida, plakatda tasvirlangan samolyotlar haqiqatan ham MiG-29 ekanini tasdiqlashgan.      

“Bu aniq MiG-29. Men u [Tramp] qo‘shinlarimizni qo‘llab-quvvatlashidan xursandman”, deb kinoya qilgan AQSh armiyasi uchun F-16 va A-10 samolyotlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan Per Sprey.

Moskvadagi Strategiyalar va texnologiyalar tahlili markazi direktori Ruslan Puxov ham plakatdagi samolyotlar MiG-29 ekanini tasdiqlagan hamda askarlardan birining qo‘lida AK-74 borligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, bannerda Rossiyada ishlab chiqilgan avtomatning tasvirlanganini g‘ayritabiiy deb atab bo‘lmaydi, chunki AQSh armiyasi qurollanishida bu turdagi avtomatlar bor. Biroq MiG-29 samolyoti kulgini qistadi. 

“Agar bu plakat boshqa kimdir tomonidan e'lon qilinganda bunday keskinlikka sabab bo‘lmasdi. Agar uni Jorj Bush 11 sentyabrdan keyin qo‘llaganda bu texnik xatoda qandaydir fitnani ko‘rish hech kimning xayoliga ham kelmasdi”, deb aytgan Puxov.

Ko‘rinishicha, banner dizaynerlari Shutterstock.com saytidagi tayyor suratdan foydalanishgan. Trampning saylovoldi kampaniyasi vakillari ushbu holatga hozircha izoh berishmagan.

Ta'kidlanishicha, plakat Trampni navbatdagi marotaba Rossiyani xushlashda ayblash uchun ataylab shunday bajarilgan bo‘lishi ham mumkin.    

MiG-29 sobiq ittifoqda loyihalangan qiruvchi samolyot bo‘lib, birinchi marta havoga 1977 yilda ko‘tarilgan. Samolyot sovuq urush vaqtida AQShning F-15 va F-16 qiruvchi samolyotlariga qarshi kurashda qo‘llash uchun ishlab chiqilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu samolyotlar yaqinda Rossiyaning Suriya va Liviyadagi bazalarida payqalgan. Rossiya, shuningdek, bu turdagi samolyotlarni Shimoliy Koreya, Hindiston va Suriyaga eksport qilgan. Bundan tashqari, AQSh ushbu samolyotlar Eron kabi raqiblari qo‘liga tushishidan xavotirlanib, undan 29 tasini 1997 yilda Moldovadan sotib olgan.  
Shu bilan birga Kalashnikov avtomati AQSh qurollanishida haqiqatan bor bo‘lib, amerikalik harbiylar uni Vetnamdagi urush vaqtidan beri yuqori baholab kelishgan. AQSh harbiylari AK-74ni “injiqmasligi” va nomaqbul ob-havo sharoitlarida ham qo‘llash mumkinligi uchun bir qator operatsiyalar vaqtida qo‘llashgan. 

Mavzuga oid