O‘zbekiston | 19:49 / 17.09.2020
16089
6 daqiqa o‘qiladi

Audiokitoblar, mualliflik huquqi va vlogerlarning tilga munosabati - Najot Nur bilan suhbat

Texnologiyalar hayotimizga chuqurroq kirib borishi bilan, audiokitoblarga bo‘lgan talab ham oshib boryapti. Biz ayni mavzu yuzasidan suhbatlashish maqsadida bir necha yildan buyon audiokitoblar ustida ish olib borayotgan ijodkor – taniqli teleradioboshlovchi Najot Nur bilan suhbat tashkil etdik.

Intervyuda Najot Nur televideniyedan ketishi sabablari, audiokitoblarga bo‘lgan talab, mualliflik huquqi va o‘zbek tilining sofligi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Najot aka, sizni ko‘pchilik teleboshlovchi sifatida taniydi. Televideniye sohasidan ketishingizga nima sabab bo‘ldi?

– Oz emas, ko‘p emas 8 yil davomida milliy teleradiokanallarda ishladim. Keyinchalik boshqa joydan taklif bo‘ldi. Ishimizni o‘zgartirdik. O‘zimni boshqa yo‘nalishlarda sinab ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi.

– Aynan ishtiyoq sababmi yoki boshqa sabablar bo‘ldimi?

– To‘g‘risi, MTRKdan ketishim sababiga to‘xtalishni hohlamasdim. Ochiq aytadigan bo‘lsam, kimningdir dumini bosib qo‘yibmiz. Lekin haligacha o‘sha inson kimligini bilmayman. Avvaliga ketishimizga sababchi bo‘lganlardan ranjidim, hozir esa aksincha, ulardan minnatdorman. Ular bo‘lmaganida, haligacha televideniyeda ishlab yurgan, o‘zimning yangi qirralarimni o‘zim uchun kashf eta olmagan bo‘lardim.

Yo‘limni yo‘qotmadim... Kareramni sindirish uchun qilingan ish bo‘ldi, afsuski. Bu voqealarni hozir kulib eslayman.

– Hozirgi ishingizga kelsak. Audiokitoblar yaratish bilan mashg‘ulsiz. Bu g‘oya qayerdan paydo bo‘ldi? Ayni shu yo‘nalishdan ketishingizga nima turtki bo‘ldi?

– Bu g‘oya 2014 yilda tug‘ilgandi. U paytda audiokitoblar sohasi bizda unchalik rivojlanmagan edi. Chunki bu soha rivojlanishi uchun axborot texnologiyalari, to‘lov tizimlari rivojlanishi kerak bo‘ladi. Bugungi kunga kelib bu narsalar bor.

Yakka holatda 5–6 yil davomida o‘zim faoliyat yuritdim. Tanishlarim xabardor bo‘lganidan so‘ng, ulardan buyurtmalar kelib tusha boshladi. Audiokitoblarni Telegram orqali tarqata boshladik. Va o‘z-o‘zidan baza shakllandi.

Bu narsa bir kun kelib bizning tabiiy ehtiyojimizga aylanadi. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanyapti, kunlik informatsiyalarni qabul qilishimiz esa cheklangan, natijada odam ma'lumotga to‘yinadi. Biz aynan foydali kontentni tanlab olib, mobil ilovalarga audioshaklda joylab boryapmiz.

«Temur tuzuklari», «Humoyun va Akbar», «Sulton Jaloliddin Manguberdi», «Ulug‘bek xazinasi»... Shu asarlarga birinchi bo‘lib e'tibor qaratdik. Hozirda ertaklar, hikmatlar, she'rlar, qissalar bilan ham boyitib boryapmiz. Bizda aktyorlar jamoasi shakllangan. Iloji boricha yangi ovozlardan foydalanishga harakat qilyapmiz.

– Hozirgi kunda audiokitoblarga bo‘lgan talab qay darajada?

– Talab biz kutganimizdan 5 baravar ko‘p bo‘ldi. Lekin buning boshqa tomoni bor. Bizning ichimizdagi og‘riq – mualliflik huquqi degan narsa bor. Mualliflik huquqi himoyalanishi va hurmat qilinishi kerak.

Afsuski, bizda qaroqchilik yo‘llari bilan o‘g‘irlab olingan kimningdir ijod mahsuli tarqalib ketishi juda oddiy holat. Odamlar o‘sha kontentni bemalol hazm qila oladi. «To‘xta, bu o‘g‘rilangan mahsulotmi, buni tayyorlagan odam pul sarflagandir, mehnat qilgandir, jamoa ishlagandir...» qabilida fikr yuritish, biron ijod mahsulini pul to‘lab ko‘rish hali shakllanmagan.

O‘zbekistonda ijodkorlarning ishiga kam mablag‘ to‘lanadi. Ular nega xorijdagi hamkasblari kabi o‘ziga to‘q bo‘lib yashamaydi? Odamlar qachonki ijodkorning ijod mahsulini hurmat qilib, uni sotib olgan holda iste'mol qilishga odatlansa, o‘shanda ijodkor ham mehnatining mevasini ko‘radi.

Albatta, sekin-sekin bu narsa yuzaga kelyapti. Audiokitoblar yana ham rivojlanishiga ishonchim komil. Chunki AQSh, Yevropada audiokitoblar ancha ommalashgan.

– Sizningcha, audiokitoblar kitobxonlikni targ‘ib qilishga qay darajada yordam beradi?

– Audiokitoblar savodxonlikni oshirmaydi, lekin o‘sha mahsulotga bo‘lgan ehtiyojni qondiradi. Masalan, [Alixonto‘ra Sog‘uniyning] «Tarixi Muhammadiy» kitobini o‘qishni hohlaysiz, lekin vaqtingiz yo‘q yoki yoshingiz katta – ko‘z bosimingiz bor. Uning audiosini esa xohlang avtobusda, xohlang naushnikda ish jarayonida, hatto yugurayotganda ham, ovqat qilayotganda ham eshitishingiz mumkin. Bu ayniqsa ko‘zi ojizlar uchun juda katta qulaylik.

Odamlar birinchi audiokitobni eshitib, keyin sotib olganlarni ko‘rdim. Audiokitob ustida qunt bilan ishlansa, u tinglovchining tasavvur olamini kengaytiradi.

Najot Nur suhbat davomida audio formatga o‘tkazish uchun kitoblar qanday tanlab olinishi, «Tarixi Muhammadiy» asarini tayyorlash jarayoni, vlogerlarning nutq madaniyati va tilning sofligi kabi mavzularda ham so‘z yuritdi. Suhbatni to‘liq Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid