Livan milliy jamoasi futbolchisi boshiga tasodifan o‘q tegishi natijasida halok bo‘ldi
Livanlik hujumkor yarimhimoyachi Muhammad Atvi boshiga tasodifan o‘q tegishi natijasida halok bo‘ldi, deb xabar beradi Al Jazeera telekanali.
Bayrutda shahar portidagi kuchli portlashni bartaraf qilishda vafot etgan o‘t o‘chiruvchining dafn marosimi o‘tkazilgan. Marosimda mehmonlardan biri mahalliy urf-odatlar bo‘yicha havoga o‘q uzgan. Daydi o‘q esa ko‘chadan o‘tib ketayotgan Atvining boshiga teggan va uni yaralagan. Voqea avgust oyi oxirida bo‘lib o‘tgan.
Futbolchi zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan va u yerda unga qon quyilgan. Shifokorlar miyaning sezgir qismiga teggan o‘qni olib tashlashgan. So‘ng futbolchi komada bo‘lgan. Ahvoli og‘ir bo‘lgan yarimhimoyachi 18 sentabr kuni hushiga kelmasdan vafot etdi.
Atvi «Ansara» jamoasi safida 3 bor Livan Kubogini qo‘lga kiritgan. U milliy jamoa safida 3ta o‘yin o‘tkazgan.