O‘zbekiston | 19:01 / 21.09.2020
17958
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors 10 foizgacha aksiyalarini IPO o‘tkazish orqali sotmoqchi

“UzAuto Motors” AJ ustav kapitalining 10 foizigacha bo‘lgan miqdorda jamiyat aksiyalarini birlamchi ommaviy taklif (IPO) yo‘li bilan joylashtirishni tashkil etish yuzasidan shartnoma tuzish bo‘yicha tanlov e'lon qildi.

Foto: Askar Yakubov

Tanlov ishtirokchilari sifatida quyidagi talablarga javob beruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi yoki O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari qatnashishlari mumkin:

  • qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi sifatida faoliyatni amalga oshirish yoki O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega bo‘lgan;
  • tanlov ishtirokchisi tugatilish va/yoki bankrotlik jarayonida hamda to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin emas;
  • tanlov ishtirokchisi shartnoma bajarilishi uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi resurslar, vakolatlarga, tajribaga, malakaga ega bo‘lishi shart;
  • tanlov ishtirokchisi boshqa investitsiya vositachilari bilan birgalikda obuna kompaniyasini tashkil etishda ishtirok etish va aksiyalarning realizatsiya qilinmagan qismini sotib olish hajmi to‘g‘risida kafolatlar yoki takliflar berishi shart.

Xorijiy maslahatchilar tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan investitsiya vositachilari bilan konsorsiumda ishtirok etishi va/yoki investitsiya vositachilari xorijiy maslahatchilarni jalb qilishi mumkin.

Birlamchi ommaviy taklif yo‘li orqali (IPO) “UzAuto Motors” AJ ustav kapitalining 10 foizigacha miqdordagi aksiyalari taklif etiladi.

Tanlov jarayonida qatnashish uchun arizalar “UzAuto Motors” AJga 30 sentabr soat 17:00ga qadar Toshkent shahar, Mirobod tumani, Nukus ko‘chasi, 8-uy manzili bo‘yicha topshirilishi shart.

Tanlov natijalari arizalar topshirish muddati tugaganidan keyingi 5 ish kuni ichida e'lon qilinadi.

Mavzuga oid