O‘zbekiston | 17:39 / 22.09.2020
8143
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat texnika universitetida yoshlarni oliy ta'lim muassasasiga qamrab olish davom etmoqda

Hammamizga ma'lumki, 2020/2021 o‘quv yili uchun test sinovlarida abituriyentlar qatnashib, o‘z bilimlarini namoyon etishdi hamda yaxshi niyatlar bilan oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga tavsiya etilganligi bo‘yicha javoblarni kutib turishibdi. Lekin hujjat topshirgan abituriyentlarning barchasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga tavsiya etilmasligini barchamiz bilamiz.

Bugungi kunda yoshlarni oliy ta'lim muassasalariga qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha qanaqa mexanizmlar joriy etilmoqda?

Ushbu dolzarb masalalarni yechish uchun hozirgi kunda respublikamizda oliy ta'lim muassasalarining sonini oshirish, yetakchi ta'lim muassasalarining hududlarda filiallarini tashkil etish, shuningdek, xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda qo‘shma ta'lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash hamda oliy ta'lim muassasalari qoshidagi texnikumlarni tashkil etish bo‘yicha jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda respublikamizda oliy ta'lim muassasalari soni 120 dan oshganligi, shu bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari filiallarining tashkil etilayotganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Jumladan, ushbu masalalar yuzasidan Toshkent davlat texnika universitetida ham talaba-yoshlar qamrovini yanada oshirish, ularga sifatli ta'lim berish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida o‘tgan o‘quv yillarida Termiz, Olmaliq va Qo‘qon shaharlarida 3 ta filial hamda 2020 yilda Angren va Qo‘qon shaharlarda 2 ta texnikumlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, universitetning xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan, jumladan Rossiya Federatsiyasi, Belorusiya Respublikasi, Xitoy va Koreya kabi mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda 16 ta ta'lim yo‘nalishi hamda 3 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ta'lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari DTMning kirish imtihonlaridan so‘ng o‘tkazilishi va bu abituriyentlarga yana bir bor o‘z bilim va kuchlarini sinab ko‘rishga imkoniyat ekanligi katta ahamiyatga egadir. Bugungi kunda respublikamizning tayanch oliy ta'lim muassasalaridagi mavjud qo‘shma dasturlar doirasida e'lon qilingan ta'lim yo‘nalishlariga abituriyentlarning hujjatlari qabul qilinmoqda.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat texnika universiteti tasarrufida Toshkent viloyatida joylashgan Angren kon-metallurgiya texnikumi hamda Farg‘ona viloyatida joylashgan Qo‘qon neft va gaz sanoati texnikumlarida talabalarga ta'lim berish yo‘lga qo‘yilganligi bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Bu texnikumlarga 2020/2021 o‘quv yilida Angren kon-metallurgiya texnikumiga jami 7 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha 330 ta, Qo‘qon neft va gaz sanoati texnikumiga jami 9 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha 660 ta qabul kvotalari ajratilgan. Ushbu texnikumlarda talabalar 2 yil ta'lim olganlaridan so‘ng mos ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta'lim muassasasida 2-bosqichdan hech qanday kirish imtihonlarisiz o‘quv jarayonini davom ettirishlari mumkin. Bu esa abituriyentlarga yana bir bor talaba bo‘lish imkoniyatini oshirishda xizmat qilishi mumkin. Ushbu texnikumlarga abituriyentlardan arizalarni qabul qilish 2020 yilning 25 sentabr kuniga qadar davom ettiriladi.

Shuningdek, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan abituriyentlar uchun Toshkent davlat texnika universitetida fanlar (matematika, fizika, kimyo, chet tili va boshqalar) bo‘yicha tayyorlov kursi hamda kasbga o‘rgatish markazi tashkil etilib, yoshlar uchun bilimlarini mustahkamlash va ma'lum bir kasb egasi bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Yuqorida ta'kidlanganidek, Toshkent davlat texnika universitetida yoshlarni oliy ta'lim muassasalariga qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kunda respublikamizning ko‘plab oliy ta'lim muassasalarida ham tashkil etilganligini inobatga olib, abituriyentlarning qamrov darajasini yanada oshirishdagi ushbu imkoniyatlardan yoshlarimiz oqilona foydalanishi maqsadga muvofiqdir.

Toshkent davlat texnika universiteti

Mavzuga oid