Jahon | 23:23 / 22.09.2020
8808
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp BMTni koronavirus uchun Xitoyni javobgarlikka tortishga chaqirdi 

AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasidagi nutqida navbatdagi marta Xitoyni koronavirus pandemiyasi uchun javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Tramp Pekinni virus tarqalishining erta bosqichlarida Xitoydan amalga oshiriluvchi xalqaro aviareyslarni taqiqlamaganlikda va shu tariqa virusni butun dunyoga tarqatishda ayblagan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini ham tanqid qilgan.

“Bu o‘latni butun dunyoga chiqargan davlat – Xitoyni javobgarlikka tortishimiz kerak! Xitoy hukumati va Xitoy “bo‘ysinuvida” bo‘lgan JSST virusning odamdan odamga yuqishining isbotlari yo‘qligi haqida yolg‘on gapirgan. Xitoy virus tarqalishining ilk kunlarida ichki reyslarni taqiqlab, shu bilan birga samolyotlarga Xitoyni tark etishga va butun dunyoni zararlashga ijozat bergan. BMT Xitoyni ushbu xatti-harakatlari tufayli javobgarlikka tortishi lozim”, deb aytgan Tramp.

AQSh prezidentining ta'kidlashicha, AQSh vaksinani butun dunyoga taqsimlaydi. 

“Biz vaksinani taqsimlab, virusni mag‘lub etamiz, pandemiyaga chek qo‘yib, misli ko‘rilmagan farovonlik, hamkorlik va tinchlik davriga qadam bosamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

Xitoy AQSh prezidentining bu ayblovlariga munosabat bildirib, ularni hech qanday asosga ega emas, deb atagan. 

Avvalroq BMT Bosh assambleyasida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘z olib, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ixtilof sababli dunyoning parchalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan. Uning fikricha, texnologik va iqtisodiy bo‘laklanish geostrategik va harbiy bo‘laklanishga olib keladi.

Mavzuga oid