Italiyaliklar parlamentni uchdan birga qisqartirishga qaror qildi
Italiyaliklar referendumda hukmron koalitsiyaning parlament quyi va yuqori palatalarida deputatlar sonini kamaytirish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, mamlakatda saylovlar 2022 yildan erta o‘tkazilmaydi, deya aytib o‘tdi ekspertlar.
20-21 sentabr kunlari Italiyada bo‘lib o‘tgan referendum ishtirokchilarining 69,63 foizi parlamentning ikkala palatasi - senat (yuqori palata) va deputatlar palatasi (quyi) vakillari sonini qisqartirish tashabbusini ma'qulladi. 30,37 foiz odam qarshi bo‘lgan. Bu saylov byulletenlarining 99 foizi qayta ishlangandan keyin e'lon qilingan oraliq ovoz berish natijalaridir.
Shu tariqa, eng yuqori darajadagi qonun chiqaruvchilar soni 945 nafardan 600 nafargacha kamayadi: deputatlar palatasi 630 o‘rin o‘rniga 400 o‘rin, senat 315 o‘rniga 200 o‘ringa ega bo‘ladi.
Ham quyi palata deputatlari, ham Italiyadagi senatorlarning aksariyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Bu Fransiya yoki Buyuk Britaniyadagi vaziyatdan farq qiladi, u yerda yuqori palata a'zolarining aksariyati (tegishli ravishda senat va lordlar palatasi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanmaydi, balki mintaqaviy qonun chiqaruvchi organlar yoki boshqa organlar tomonidan saylanadi.
Italiyada qonun chiqaruvchilar sonini qisqartirish tashabbusining asosiy tarafdorlari - «Besh yulduz harakati» partiyasi. U markaziy-so‘l Demokratik partiya bilan birgalikda hukmron koalitsiyaning bir qismidir. Parlamentni qisqartirish o‘n yil ichida milliard yevroni tejaydi, deya va'da bergan «Besh yulduz harakati». Bundan tashqari, qonunchilik tizimining samaradorligi oshadi, deb hisoblashmoqda partiyada. «Agar deputatlar soni kamaytirilsa, bu partiyalarga o‘z ishining sifatiga urg‘u beradigan vakillarni tanlashga turtki berishi aniq», - deya ma'lum qildi ovoz berish oldidan «Besh yulduz harakati» deputati Mishel Sodano.
Ushbu g‘oya Demokratik partiya rahbari Nikola Dzingaretti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi, u uni hukumat islohotlari dasturining bir qismi deb atadi. Asosiy muxolifat kuchlari - «Liga» va «Olg‘a, Italiya» o‘ng partiyalari ham o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatladi. Italiya tashqi ishlar vaziri, «Besh yulduz harakati» vakili Luiji di Mayo referendum natijalarini «tarixiy» deb atadi.
Mamlakatlar yuqori darajadagi qonun chiqaruvchi organlardagi kishilar sonini 10 foizdan ko‘proqqa qisqartirgan holatlar kamdan-kam uchraydi - 1945 yildan 2008 yilgacha bo‘lgan vaqt davomida bu 20 martadan kam bo‘lgan, dedi Vena universiteti mutaxassisi Mettyu Bergman. Tuluza universiteti va Parij iqtisodiyot maktabi tadqiqotchilari Italiyada hozir deputatlar soni juda ko‘p, deb hisoblashmoqda. Ular ushbu mamlakat uchun qonun chiqaruvchilarning eng maqbul soni hisoblangan formulani yaratdilar - 570 kishiga yaqin.
Mavzuga oid
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
15:17 / 11.11.2024
Italiyaning Pompey shahri xarobalariga sayohatchilar tashrifi cheklanadi
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
12:50 / 05.11.2024