O‘zbekiston | 16:35 / 26.09.2020
5793
6 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonni "terrorizm o‘chog‘i" sifatida ko‘rishni to‘xtatishi kerak – ekspert

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Mazkur komissiya tuzilishining ahamiyati va zarurati xususida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Sherzod Abdullayev o‘z tahlillari bilan bo‘lishdi.

Siyosiy modelning o‘zgarishi

Hozirgi kunda dunyoning barcha davlatlari a'zo bo‘lgan yagona universal tashkilot – BMTda ushbu tuzilmani tashkil etish tashabbusi strategik va konseptual xususiyat kasb etadi. Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishning muhim masalalari bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro murosani kuchaytiradi.

Amaliyot hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ayniqsa harbiy aralashuv Afg‘onistonda tinchlik va milliy kelishuvni ta'minlashga qodir emasligini ko‘rsatdi.

Afg‘onlararo tinchlik muzokaralari boshlanishi va koalitsiya kuchlarining qisqartirilishi jarayonida donor davlatlar va xalqaro institutlar Afg‘onistonga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va aholi turmush darajasini real yaxshilashga qaratilgan yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlashlari o‘ta muhimdir.

Bugun Afg‘onistonda amaldagi davlat siyosiy modelini tizimli ravishda o‘zgartirish jarayoni boshlandi. Bunda so‘nggi 20 yilda oddiy hol sifatida qabul qilingan ko‘plab siyosiy stereotiplar, aloqa va ittifoqlar muqarrar ravishda qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday sharoitda mamlakatda bo‘shliq paydo bo‘lishining oldini olish, Afg‘oniston hukumatining aholi oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini bajarish qobiliyatini saqlab qolish, fuqarolarning barqarorlik va xavfsizlikka bo‘lgan shoshilinch ehtiyojini qondirish zarurdir.

Shu bilan birga, BMTning doimiy ish olib boradigan qo‘mitasining tuzilishi tashkilot ichida Afg‘oniston inqirozini hal etishga ustuvor ahamiyat berishga imkon beradi, xalqaro hamjamiyatning ushbu yo‘nalishdagi ishida izchillik va samaradorlikni oshiradi. Doimiy komissiya me'yoriy hujjatga binoan ixtisoslashgan muassasalar bilan o‘zaro aloqada bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlariningAfg‘oniston bo‘yicha harakati

Doimiy qo‘mita Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik maydoniga aylantirishga yordam beradi va geosiyosiy raqobatning asosiy yo‘nalishi sifatida qabul qilinmaydi. Afg‘onistonni barqarorlashtirishda qo‘shni mamlakatlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak. Bu masalada kechikish va kelishmovchilik mintaqaviy davlatlarning manfaatlariga ziddir. Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha tutumi nufuzli tashqi ishtirokchilarning tashqi siyosiy tuzilmalari doirasida emas, balki mintaqada shakllanishi kerak. Doimiy komissiya doirasidagi muloqot Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishda ishtirok etuvchi yetakchi mintaqaviy davlatlar va jahonning ushbu jarayondagi ishtirokchi kuchlarining tutumlarini birlashtiradi, shuningdek, Afg‘oniston yo‘nalishida umumiy aloqa nuqtalari topiladi.

Bundan tashqari, bu terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Bugungi kunda Afg‘onistonda 20ta mintaqaviy va xalqaro terroristik guruh faoliyat yuritmoqda. Ushbu guruhlar faoliyatida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham bor. Shu nuqtai nazardan, BMT huzurida doimiy qo‘mitaning tashkil etilishi tezkor ma'lumot almashish, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ilg‘or tajribalarini o‘rganish uchun qo‘shimcha maydon yaratadi.

Moliyaviy manbalar yetishmovchiligi

BMT qoshida doimiy komissiyaning tashkil etilishi Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikni ta'minlash uchun mustahkam poydevor yaratadigan infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat mablag‘larini jalb qilishga imkon beradi.

Afg‘oniston boy tabiiy resurslarga va qulay transport hamda tranzit imkoniyatlariga ega bo‘lishiga qaramay, moliyaviy manbalarning yetishmasligi mamlakatning foydalanilmagan imkoniyatlarini to‘liq ishga solishga imkon bermaydi. Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar doimiy ravishda amalga oshirilsa, bu urushga muqobil imkoniyatlar yaratadi.

Bularning barchasi, shubhasiz, Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini ta'minlashga katta ta'sir ko‘rsatadi. Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa vaqt ichida kirishini ta'minlaydigan, Janubiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bog‘laydigan transmintaqaviy transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishga kuchli turtki berishi mumkin.

O‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi bilan Markaziy va Janubiy Osiyoda barqaror rivojlanishning istiqbolli «harakatlantiruvchisi»ga aylanishi mumkin bo‘lgan energetika, savdo va iqtisodiy sohadagi keng ko‘lamli mintaqaviy loyihalarni boshlash va amalga oshirish uchun qulay ichki hamda tashqi zaruriyatlar ham shakllanadi.

Xalqaro hamjamiyat bugun shakllanib qolgan geosiyosiy qarashlardan voz kechib, Afg‘onistondagi vaziyatni faqat "terrorizm o‘chog‘i" va butun dunyoga tahdid sifatida ko‘rib, doimiy ravishda fojiaviy talqin qilishni to‘xtatishi, bu mamlakatni do‘st va boshqa davlatlar bilan teng huquqli, deb bilishining vaqti keldi.

Mavzuga oid