Jahon | 19:50 / 29.09.2020
52662
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt amiri vafot etdi

Shayx ilgari Kuvayt tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan va 1990-91 yillardagi Iroq bilan urushdan so‘ng ushbu mamlakat bilan yaqinlashish uchun faol harakat qilgan.

Foto: Reuters

Kuvayt amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Saboh 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda al-Arabiyya telekanali xabar bermoqda.

Amir AQShda olamdan o‘tgan - u iyul oyida tibbiy ko‘rik uchun uchib kelgandi. Keyinroq u muvaffaqiyatli operatsiya qilingani va reabilitatsiya jarayonini o‘tayotgani xabar qilingandi.

Uning o‘rnini o‘gay ukasi, 83 yoshli shayx Navof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh egallashi mumkin. Shayx Saboh al-Ahmad al-Saboh AQShga ketgach, uning vazifalarini qisman Navof al-Jobir as-Saboh bajarib kelayotgandi.

  • Shayx Saboh al-Ahmad al-Saboh muqaddam bir necha o‘n yil mobaynida Kuvayt tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan va 1990-91 yillardagi Iroq bilan urushdan so‘ng ushbu mamlakat bilan yaqinlashish uchun faol harakat qilgan. 
  • U amir lavozimiga 2006 yilda, merosxo‘r shahzoda Saad al-Abdulla as-Salom as-Saboh salomatligi yomonlashgani sababli lavozimidan chetlatilganidan so‘ng tasdiqlangan. Saboh demokratik islohotlar o‘tkazgan, xususan, ayollar huquqi, so‘z erkinligi va yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi masalalarida.
  • Shayx Saboh amaldagi eng keksa davlat rahbarlari orasida ikkinchi edi. Ayni vaqtda bu maqom Buyuk Britaniyaning 94 yoshli qirolichasi Yelizaveta II’ga tegishli.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid