O‘zbekiston | 23:22 / 30.09.2020
5644
3 daqiqa o‘qiladi

Konimex hokimi tumanni qisqa fursatda «qoniqarsiz hudud»dan chiqarishga va'da berdi

Prezident qaroriga ko‘ra, har yili tumanlar va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etilgandi. 2019 yil reyting ko‘rsatkichlari natijasiga ko‘ra, Navoiy viloyatining Konimex va Tomdi tumanlari «qoniqarsiz» deya baholandi.

Foto: KUN.UZ

30 sentabr kuni xalq deputatlari Konimex tumani kengashining navbatdagi XI sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sessiyada tuman hokimi Muratxan Egamqulov va sektor rahbarlari deputatlardan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun kechirim so‘rashdi hamda qisqa fursatda tumanni «qoniqarsiz hudud»dan chiqarish bo‘yicha va'da berishdi.

Xo‘sh, Konimex tumani nega «qoniqarsiz» ro‘yxatga tushib qoldi? Sessiyada ushbu savolga javob bo‘luvchi ayrim raqamlar keltirib o‘tildi.

Birinchidan, hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 2019 yilda 81 mlrd 826 mln so‘mni tashkil qilib, aholi jon boshiga 2 mln 318 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkichning viloyat sanoatidagi ulushi 0,6 foiznigina tashkil etgan.

Ikkinchidan, 2019 yilda eksportga yo‘naltirilgan sanoat mahsulotlari hajmi 1 mlrd so‘mni tashkil etib, bu ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 0,5 foizni tashkil etgan.

Uchinchidan, asosiy kapitalga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmining (1 trln 214 mlrd 252 mln so‘m) 1,5 foizigina (18 mlrd 115 mln so‘m) to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga to‘g‘ri kelgan.

To‘rtinchidan, virtual va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni 117 taga yetgan. Bu hududda istiqomat qiluvchi har 1000 kishidan 3 nafari murojaat qildi degani.

Qayd etilishicha, tumanda iqtisodiy va ijtimoiy sohalar bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham yo‘q emas. Xususan, yangi ishlab chiqarish sub'yektlarini tashkil etish, aholi bandligini ta'minlash borasida yangi loyihalarga qo‘l urilgan.

Tuman hokimining ta'kidlashicha, joriy yil yakunigacha tumanda qiymati 54,5 mlrd so‘mlik 20 ta sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishi va hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 102,2 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shuningdek, tumandagi 11 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb etish evaziga yil yakunigacha jami 2 mln 491 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan (hozirgacha 1 mln 488 ming dollarlik eksport qilingan).

Investitsiya kiritish masalasida ham hokim marrani katta olganini ta'kidladi: 2020 yil yakuni bilan jami 134 mlrd 300 mln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi va buning 33 mlrd 598 mln so‘mini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etadi.

Mavzuga oid