O‘zbekiston | 22:00 / 03.10.2020
6304
3 daqiqa o‘qiladi

Yangiqo‘rg‘on tumanini «qizil» hududdan chiqarish bo‘yicha yo‘l xaritasi qayta ko‘rib chiqiladi

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash tizimiga ko‘ra qoniqarsiz deb topilgan 33 ta tuman qatorida Yangiqo‘rg‘on tumani ham bor.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanini «qizil» hududdan chiqarish bo‘yicha tuman kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.  Sessiyada Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva qatnashdi.

Tumanning «qizil» hududlar toifasiga kiritilishiga quyidagilar asosiy sabab bo‘lgan:

Birinchidan, tumanda o‘tgan 2019 yilda 118,5 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu esa aholi jon boshiga 551 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi degani. Yangiqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymatining viloyatdagi ulushi 2,9 foizni tashkil etgan.

Ikkinchidan, 2019 yil iqtisodiy faol aholi  97,3 ming nafarni, band aholi esa 88,3 ming nafarni tashkil etib, aholining bandlik darajasi 90,7 foizni tashkil etgan. Xotin-qizlarning bandlik darajasi 86,6 foiz bo‘lgan. Ishga muhtoj aholi 9 014 nafarni tashkil etib, ishsizlik darajasi 9,2 foizga yetgan.

Uchinchidan, 2019 yil ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlari soni 1 020 tani tashkil etgan bo‘lsa-da, 625 tasi nol hajmda hisobot topshirgan.

To‘rtinchidan, prezident virtual qabulxonasiga takroriy murojaatlarning kelib tushishi, murojaatlarning qanoatlantirilganlik darajasi pastligi va boshqa omillar sabab bo‘lgan.

Biroq o‘tgan 2019 yil mahalliy budjet tushumi uchun 37,4 milliard so‘m reja belgilangan bo‘lib, amalda 47 milliard so‘m mablag‘ undirilib, belgilangan reja 125,5 foizga yoki 9,6 milliard so‘m ortiq mablag‘ undirilgan.

2019 yil yil uchun 26,3 million dollar eksport prognozi belgilangan bo‘lib, yil yakunida 26,7 million dollarlik meva-sabzavot va sanoat mahsulotlari eksportga yo‘naltirilib, belgilangan reja 102 foizga bajarilgan. 

Tumanni qoniqarsiz holatdagi hududlar qatoridan chiqarish bo‘yicha sektor rahbarlari tomonidan tayyorlangan yo‘l xaritasi hamda ularning tayyorlagan hisobotlari Senat raisining e'tiroziga sabab bo‘ldi.

«Ushbu yo‘l xaritasini tuman kengashi bilan yana bir bor maslahatlashgan holda qayta ko‘rib chiqish kerak. Aniq rejalar muddati va mablag‘i bilan tayyorlanishi lozim», dedi Tanzila Norboyeva.

Senat raisi deputatlarni faolroq bo‘lishga chaqirdi.

Sektor rahbarlariga savollar bilan murojaat qilgan 26-saylov okrugi deputati Ikromjon Qodirov, tadbirkorlikni rivojlantirishda ularga yer va bo‘sh joy berish bilan muammolar hal bo‘lmasligini, tumanda avvalo infratuzilmani yaxshilash kerakligini ta'kidladi. Bu boradagi ishlarda ham oqsashlar borligini aytib o‘tdi.

Ikromjon Qodirov

Tuman hokimi Asadulla Najmiddinov yo‘l xaritasini qayta ko‘rib chiqish hamda kamchiliklarni bartaraf etishni 15 kun ichida bajarishga va'da berdi.

Mavzuga oid