O‘zbekiston | 22:26 / 06.10.2020
20335
5 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan bayonot berdi.

Foto: Ramiz Baxtiyarov

«Ish hujjatlariga ko‘ra, 10.08.2020 yilda fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 01.08.2020 yilda Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilganini va 02.08.2020 yilda uning sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan 11.08.2020 yilda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik xolati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan, Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori ushbu bemorni og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilishiga yo‘l qo‘ygan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalgani haqida soxta ma'lumot kiritilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 100 mln so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilingani aniqlangan.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yo‘ldosheva bir necha marotaba tergovga chaqirilganiga qaramasdan, uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining mutaxassislari tomonidan joriy yilning 28–29 avgust hamda 3, 4, 8 sentabr kunlari o‘rganish uchun shifoxonaga kirishmoqchi bo‘lishganida, yuqumli kasalliklar shifoxonasi ishchilari G.Yo‘ldoshevaning telefonda bergan topshirig‘iga asosan mutaxassislarni shifoxona hududiga kiritmasdan, o‘rganishga to‘sqinlik qilishgan, bu haqda dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

08.09.2020 yilda shifoxona bosh shifokori G.Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi hamda 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi «a» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.

Ayblanuvchi G.Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishligi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 09.09.2020 yildagi ajrimi bilan unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qayd etish kerakki, jinoyat ishi bo‘yicha G.Yo‘ldoshevaning konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta'minlanib, u himoyachi bilan ta'minlangan, unga nisbatan olib borilayotgan barcha tergov harakatlari bevosita himoyachisi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan 09.09.2020 yilda Chirchiq shahar xalq ta'limi bo‘limiga G.Yo‘ldoshevaning qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandlarini ijtimoiy himoya qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilib, ayblanuvchi G.Yo‘ldosheva ayol ekanligi, shuningdek 6 nafar voyaga yetmagan farzandning onasi ekanligi inobatga olinib, Bosh prokurorning tashabbusi bilan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirish yuzasidan Chirchiq shahar prokurori tomonidan sudga tegishli iltimosnoma yuborildi va sud tomonidan prokuror iltimosnomasi qanoatlantirildi.

Biroq, ehtiyot chorasi o‘zgartirilgani G.Yuldoshevadan barcha ayblovlar olib tashlandi degani emas.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Natijasi bo‘yicha tegishli ayblov xulosasi bilan jinoyat ishi sud muhokamasiga yuboriladi hamda mazkur jinoyat ishi yuzasidan yakuniy to‘xtam sud tomonidan belgilanadi. Jinoyatga jazo muqarrarligi tamoyili to‘liq ta'minlanadi», – deyiladi rasmiy bayonotda.

Mavzuga oid