«Jizzax» EIZda «GOC-UZ» QK optik tolali aloqa kabellarini chiqarish zavodining yangi ishlab chiqarish maydoni qurilishi boshlandi
Joriy yilning 5 oktabr kuni «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida «Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish» loyihasi doirasida «Global Optical Communication Uzbekistan» («GOC-UZ») MChJ Qo‘shma korxonasining yangi ishlab chiqarish hududida poydevor qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Maxsudov Jamol Tilloyevich, «Global Optical Communication Uzbekistan» MChJ QK Bosh direktori Ik Chjun Yang, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akram Rahmonqulov, «Jizzax» EIZ vakillari, «GOC-UZ» QK xorijiy investorlari, «O‘zbektelekom» AK vakillari, «GOC-UZ» QK rahbariyati va xodimlari, qurilish tashkiloti rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Global Optical Communication Uzbekistan» MChJ Qo‘shma korxonasiga 2019 yil asos solingan. Ishlab chiqaruvchi korxona «Jizzax» EIZda «O‘zbektelekom» AK va Janubiy Koreyaning xorijiy investorlari: «Global Optical Communication Co. Ltd.» va «Uni Asset Global Co. Ltd.» kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 ming km gacha optik tolali aloqa kabellarini tashkil etadi.
Qo‘shma korxonaning ustav kapitali 11 million AQSh dollarini tashkil etadi, shu jumladan:
- Janubiy Koreyaning kompaniyalari (55%) – 6.050.000 AQSh dollari (ishlab chiqarish uskunalari, materiallar, aylanma mablag‘lar);
- «O‘zbektelekom» AK (45%) – 4.950.000 AQSh dollari (bino va inshootlar).
2020 yilda birinchi bosqichda «Global Optical Communication Uzbekistan» QKning «Jizzax» EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va hozirgi kunda ushbu zavodda koreyalik mutaxassislar faoliyat yuritmoqdalar. Buning samarasini qisqa muddat ichida ishga tushirish va sozlash ishlari amalga oshirilgani va Optik tolali kabellarni Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish o‘zlashtirilganini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Mavjud ishlab chiqarish quvvatlarida 2020 yilda korxona 10 ming km uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaradi. Yangi qo‘shma korxona bugungi kunda 58 ta yangi ish o‘rni yaratdi.
Ikkinchi bosqichda 4,5 gektar yangi qurilgan ishlab chiqarish maydonida 2021 yildan boshlab 50 ming km gacha optik kabellarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ishlab chiqarish rivojlanib borishi bilan yangi ish o‘rinlari soni 300 tagacha oshirilishi rejalashtirilgan.
«Jizzax» EIZda «Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish» loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish doirasida «Global Optical Communication Uzbekistan» («GOC-UZ» MChJ QK), yangi binolarini qurish uchun Koreya Respublikasining «EXIMbank»dan 3,6 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar jalb qilindi. Qurilish 2021 yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan.
«GOC-UZ» QK yangi ishlab chiqarish liniyasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng, korxona O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari uchun ham, eksport uchun ham 50 ming km gacha optik tolali aloqa liniyalarini ishlab chiqaradi.
Birinchi bosqichda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 32% ni, ikkinchi bosqichda esa 60% gachani tashkil qiladi.
O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zamonaviy yuqori tezlikdagi va ishonchli telekommunikatsiya tarmog‘i zarur. Bugungi kunda O‘zbekiston mis aloqa liniyalaridan optik tolali aloqa liniyalariga faol tarzda o‘tmoqda va bu telekommunikatsiya tarmoqlarining ishonchliligi va tezkor sifatini oshiradi.
Joriy yilda faqatgina optik tolali aloqa qamrovini kengaytirish loyihasi doirasida mamlakatning barcha hududlarida 26,5 ming kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyalari tortildi. Bugungi kunda optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 61 ming kilometrdan oshdi.
«GOC-UZ» yangi ishlab chiqarish korxonasi nafaqat O‘zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasini avvallari xorijiy valutaga sotib olingan mahsulotlar bilan ta'minlash masalalarini hal etibgina qolmay, balki 100 nafargacha kishilarni, shu jumladan, Jizzax shahridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ham ish bilan ta'minlaydi.
Reklama huquqi asosida