O‘zbekiston | 12:24 / 06.10.2020
24635
12 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda avtohalokat qurbonlari pandemiya qurbonlaridan kam emas...» - Allamjonov 14 yil oldin o‘zi bilan ro‘y bergan voqeani hikoya qilib berdi

Milliy mass-mediani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi rahbari Komil Allamjonov Telegram-kanalida bundan 14 yil avval jiddiy avtofalokatga uchragani haqida hikoya qilib berdi.

Komil Allamjonovning yozishicha, 2006 yilda – Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatida ishlagan vaqtida xizmat safari bilan Xorazmga borgan va yo‘l-transport hodisasiga uchrab, olgan jarohatlari oqibatida 6 oy to‘shakda yotishiga to‘g‘ri kelgan.

«Bundan 14 yil avval, 3 oktyabr kuni bir o‘limdan qolib, Alloh menga qayta umr bergan kun. 2006 yil. Ro‘zai ramazon oylari.

O‘sha paytlar soliq qo‘mitasi matbuot xizmatida ishlar edim. Bir kuni Xorazm viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Odilxon Rustamov menga qo‘ng‘iroq qilib, viloyat soliqchilari katta miqdorda noqonuniy aroq ishlab chiqaruvchi sexni aniqlagani va bir yarim tonna spirt mahsuloti qo‘lga olinganini aytib, ushbu holatni matbuotga chiqarib berishni iltimos qildi.

O‘sha paytda «Soliq xizmati xabarlari» nomli ko‘rsatuvimiz bo‘lar edi. Tezkor xabarlar yoritilar edi. Va o‘sha ko‘rsatuvga chiqqan har bir holat qonuniy (ya'ni hech kim aralasha olmasdi) hal qilinar edi, chunki bu ko‘rsatuvni qo‘mita raisining shaxsan o‘zi doim kuzatib borardi. Bir so‘z bilan aytganda, bizning ko‘rsatuvda chiqqan har bir holatga pirovard natijada qonuniy chora ko‘rilishi shart edi. Men barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, Xorazmga ketish harakatini boshlab yubordim.

Lekin negadir ishlarim yuravermadi, ruxsat buyruqlari kechikib chiqdi, operator yo‘q, samolyotga chipta umuman topilmayapti. Qandaydir ilohiy kuch hamma ishni to‘xtatishga urinayotgandek. Men esa qaysarlik bilan harakat qilyapman. Juda qiyinchilik bilan chipta topdik, tasvirchi ham topildi. Asqar degan yigitni birga borishga ko‘ndirdim. Xullas, Xorazmga yetib bordik.

Samolyotdan tushishim bilan sumkamni ochib qarasam, atir idishlarim sinib ketibdi. Qalin shisha idish sinishi uchun sumkani qanday qilib otish kerak, deb jahlim chiqdi, lekin indamay boshqarmaga bordik. Barcha holatlarni tasvirga oldik. Aybdorlar, aroqlar saqlanadigan omborxonalar. Xazorasp tumanida bir yarim tonnalik spirtni borib tasvirga olish qoldi. So‘ng Urganchni tomosha qilgani borishimiz kerak. Soliqchilar balki bormasmiz deyishdi, men yo‘q, borish kerak, ishni oxiriga yetkazamiz va keyin dam olamiz, deb turib oldim. Bordik, hamma holatni tasvirga oldik. Endi ortga qaytish kerak.

Xazoraspdan Urganchga Tiko mashinasida qaytyapmiz. Oldimda – tasvirchi kamerasi bilan; haydovchi – bizning Xorazmdagi xodim Alisher aka. To‘g‘ri, uzun yo‘ldamiz. Na chapga va na o‘ngga yo‘l yo‘q, faqat to‘g‘riga. Yo‘lning ikki chekkasi dala. Tezlik 100–110 km/soat. Ro‘paramizda traktor ketyapti, orqasida pritsepi bilan. Bir payt o‘sha traktor rulni chapga burib, butun yo‘lni to‘sib, taqqa to‘xtab qolsa bo‘ladimi. Yo‘l butunlay to‘silib qoldi.

Bizning haydovchi bor kuchi bilan tormozni bosganiga qaramay, katta tezlikda traktor pritsepining baloniga shunday urildikki, mashinamiz konserva bankasiga o‘xshab g‘ijimlanib ketdi. Ichidagi odamlarning holatini gapirmasa ham bo‘ladi. Alisher akaning ko‘krak qafasi ezildi, Asqarni qo‘lidagi kamera qutqarib qoldi, zarbdan faqat kamera sindi, xolos. Men esa orqa o‘rindiqda edim va, albatta, xavfsizlik kamarini ham taqmagandim. Bilasiz, bizda xavfsizlik kamari aslida ko‘proq YPX xodimlarining ko‘zi uchun taqiladi, orqadagi kamar esa umuman ishlatilmay, chang bosib yotadi. Xullas, to‘qnashuvda ko‘zimdan olov chaqnab ketdi, oyog‘imning ikki joyi singan, tos suyagi yorilgan, qo‘limning katta vena tomirlari yorilgan va bosh miya chayqalgan edi.

Uning ustiga, hozir mashina portlab ketadi deb o‘ylab, bor kuchimni to‘plab, mashinadan o‘zimni yerga otdim. Og‘riq kuchidan yerda dodlab yotibman. Yo‘lning qoq o‘rtasi, markazgacha bir soatcha yo‘l.

O‘shanda mashinamiz yaxshiyam traktor baloniga urildi, pritsep o‘rtasiga emas. Aks holda kallamiz shartta uzilib ketar edi, tavba qildim. Xullas, soliqchilar bizning orqamizdan kuzatib kelishayotgan ekan, baxtimga ular darhol kelib, bizni olib ketishdi. Qishloq shifoxonasiga bordik. Ahvol bir balo. Dodlatib, baqir-chaqir bilan amallab rentgen qilishdi va palataga yotqizishdi. Endi palataning ahvoli shunday achinarli ediki, buni mendan ko‘ra o‘sha qishloq aholisi yaxshi bilsa kerak. Tepada uzun sim va unga ilinib turgan lampochka, krovat prujinali, harbiy batalonlardan kelib qolganga o‘xshaydi.

Bir payt bir nurli, fayzli shifokor Qadam og‘a kirib keldilar. Ular viloyat travmatologi ekan. Oyog‘ingiz bir-ikki joyi sinibdi, hozir oyog‘ingizga tosh ilib qo‘yamiz, suyak joyiga tushsa, gips qilinadi, keyin Toshkentga ketaverasiz, dedilar. Xayriyat, Xudoga shukr deb, kayfiyatim ozgina o‘nglandi. Bir payt duradgor qarindoshimiz Mansur akaning uskunalariga o‘xshagan, simlari ko‘k izolentalar bilan o‘ralgan drel, ombirlar olib kirishdi.

Avvaliga biron mixni devorga qoqishsa kerak, deb tursam, hamshira kelib oyog‘imga ukol qildi va o‘sha drel bilan oyog‘imni teshib, sim tortib qo‘yishdi. Shifoxonada og‘ir tosh yo‘qligidan ko‘chadagi toshlardan terib kelib, lattaga o‘rab, oyog‘imga bog‘lab qo‘yishdi.

Men: «Bo‘ldi, tamom bo‘ldim, meni ataylab o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, o‘lmay qoldim, hozir oxiriga yetkazib qo‘yishadi», deb qaltirab yotibman. Chunki aroq ishlarini tushungan odam yaxshi biladi, o‘sha davrlarda bu biznes deyarli ko‘cha odamlari qo‘lida bo‘lgan. Xorazmda ham shunday edi.

Hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelib qarasam, butunlay boshqa reanimatsiyada yotibman. Belimdan oyog‘imgacha gips qilingan, tanamdan qandaydir simlar, boltlar chiqib turibdi. Xullas, bu azobni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Uning ustiga begona joy, tanish odamning o‘zi yo‘q. Uydagilar xavotir olmasin deb hech kimga aytmaganman. Faqat singlim Xurshidaga aytganman, mabodo menga bir narsa bo‘lsa, xabaring bo‘lsin, shu yerda yotibman, lekin oyim va adamlarga hozircha aytma, ming kilometr uzoqdaman, eshitib tamom bo‘lishmasin deb, tayinlab qo‘yganman.

Kechasi travmatologiya bo‘limi rosa to‘polon bo‘lar ekan, turli singan-chiqqanlar, pichoq zarbi yeganlar, jarohatlanganlar, dod-voy, baqir-chaqir, xullas, hech kimga Xudo ko‘rsatmasin. Men ham qo‘rquvda tunlari yig‘lab, qaltirab, tong otishini kutib o‘tirardim. Qo‘shni palatada beli singan bir ayol ingrab, dodlab chiqardi. Baxtimga Asqar yonimda edi. O‘sha kechasi bilan qarab chiqardi.

Shunday qilib, reanimatsiyada 4-5 kun yotib, keyin Toshkentga yuboradigan bo‘lishdi. Qanday transportda yuborishga bosh qotirishdi. Samolyotda ketaman, mashinada gipslangan ahvolda 10 soat qanday yetib boraman deb, shu fikrda to‘xtadik. Samolyotga nosilkada olib chiqishdi, amallab ichkariga joylashdi. U samolyot nosilka joylashtirish uchun mo‘ljallanmagan ekan, ammalab, boshini-oyog‘ini aylantirib kirib oldik. Meni 3 nafar odam o‘tiradigan o‘rindiqqa yotqizib, oyoqlarim tagiga baklajkalar bog‘lab qo‘yishdi. Xullas, osilib, amallab Toshkentga yetib keldim. Bir o‘zim, bir hamroh ham qo‘shib berishmabdi; menimcha, qutulganimizga shukr deb, Odil Boqiyevich uchirib yuborgan bo‘lsa kerak, hozir yozib turib, shu joyi alam qilib ketdi (yosh bola edim, qo‘mitada ishlasam ham, u davrda matbuot xizmatlarining obro‘si bo‘lmas edi. Kattaroq boshqarmada ishlaganimda balki birga oborarmidi hatto, deb o‘ylaganman o‘shanda).

Toshkentga qo‘ndik, hamma tushib ketib, bort ichida bir o‘zim qolib ketsam bo‘ladimi. Hoy, kim bor, deb baqirib tursam, harbiylar kirib qolishdi va ko‘tarib, bir amallab pastga, tez yordam mashinasiga olib tushishdi. Tez yordam mashinasi faqat tashqi ko‘rinishidan tez yordam mashinasi ekan, ichi esa kontrabanda tashiydigan mashinaga o‘xshaydi, bittagina benzin kanistri turgandi. U mashina ham aeroport tashqarisiga olib chiqib qo‘ydi va u yerdan o‘sha paytdagi MDS mashinasi qabul qilib olib, uyga olib kelib qo‘ygan.

Uyga kelganimda ota-onam ahvolimni ko‘rganidan yig‘lasa, men eson-omon yetib kelganimga yig‘lardim. Hattoki uyda, yaqinlarim bag‘rida jon berishga ham tayyor edim.

Shunday qilib, 6 oy krovatga mixlandim. Suyaklar ham yaxshi bitdi. Keyin bilsam, xorazmlik travmatologlar respublikada eng ilg‘or, Qadam og‘a esa eng kuchli mutaxassis ekan. Xudoga ming shukr, mana 14 yil bo‘lsa ham, haligacha og‘riq umuman yo‘q.

O‘sha paytda bu ish tagiga bir kun yetaman, bir kun baribir voqeaning asl sabablarini o‘rganaman, deb yurar edim. Chunki bu holatdan keyin bir qancha vaqt o‘tib, viloyatda ancha odamlar qamaldi. Lekin baribir nima bo‘lganini haligacha tushunib yetmadim.

Rizqim bor ekan, Allohga shukr, shu kungacha yetib kelib, hayotimda yana qanchadan qancha voqealar bo‘lib o‘tdi. Shuning uchun ham avtohalokatlarni ko‘rsam seskanib ketaman. Bizda bu borada statistik ma'lumotlar aniq emas. Avtohalokat qurbonlarining soni allaqachon pandemiya qurbonlari darajasiga kelib qolgan. Chunki o‘limlar soni yiliga 2 mingdan oshadi deb eshitdim. Nima bo‘lganda ham, barchaga sog‘liq tilayman. Sog‘liq bo‘lsa, har qanday muammoga ham yechim topiladi», – deya hikoya qiladi Komil Allamjonov.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilning dastlabki 8 oyida O‘zbekistonda 3596ta YTH ro‘y bergan bo‘lib, shundan 991tasi o‘lim bilan tugagan, 2605tasida esa yo‘l harakati ishtirokchilari turli darajada tan jarohati olgan.

Karantin davrida avtomobil harakati cheklangani bois, o‘tgan yilgi raqamlarga nazar tashlash ham foydadan xoli emas: 2019 yilning 8 oyida 4116ta YTH qayd etilgan bo‘lib, shundan 1196tasi fojia bilan tugagan, 2920tasida ishtirokchilardan bir yoki bir nechtasi tan jarohati olgan.

Hurmatli mushtariylar! Siz ham yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jiddiy voqealarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz va ularni real hayotiy hikoya tarzida boshqalar bilan o‘rtoqlashishni istasangiz, bu haqda bizga batafsil yozib yuboring.

Voqea tafsilotlari, shaxsiy xulosa va kuzatuvlaringiz aks etgan hikoyani info@kun.uz elektron pochtasi yoki Telegram'dagi @kunuzmurojaat manziliga yo‘llashingiz mumkin. Eng sara hikoyalar Kun.uz'ning «Hayotiy hikoyalar» ruknida e'lon qilib boriladi.

Mavzuga oid