O‘zbekiston | 22:26 / 11.10.2020
10946
8 daqiqa o‘qiladi

Ikkita XBAning 2500dan ortiq jabrlanuvchisiga pullarini qaytarish boshlandi

10 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida «Korean and migrations», «Profelite IMP» va «International experience» xususiy bandlik agentliklari mas'ullariga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda JIB Toshkent shahar sudi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Majburiy ijro byurosi vakillari mazkur jinoyat ishlari doirasidagi jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish muddati va tartibi bo‘yicha tushuntirish berib, savollarga javob qaytardi.

Akbarali Turabov

JIB Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari Akbarali Turabovning ma'lum qilishicha, JIB Yakkasaroy tuman sudi hukmi bilan «Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslarining jinoiy harakatlari oqibatida 2 297 nafar fuqaroga yetkazilgan 19 mlrd 616 mln so‘m moddiy zararlarni undirish belgilangan. Undiruv IIV depozit raqamiga topshirilgan jami 7 mlrd 831 mln so‘m pul mablag‘lari va 573 mln so‘mlik xatlangan mol-mulklarga qaratilgan. Ushbu hukm 7 oktabr kuni qonuniy kuchga kirgan va 8 oktyab kuni ijroga qaratilgan.

Shuningdek, «Profelite IMP xususiy bandlik agentligi» fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish aldovi bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirgani holati yuzasidan ushbu jamiyat a'zolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Sergeli tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 14 sentabr kuni sud hukmi chiqarilgan. Sud tomonidan 263 nafar jabrlanuvchiga jami 10 mlrd 512 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Tergov organi depozit hisob raqamida turgan 422 mln so‘m va Jonuzoqovning turmush o‘rtog‘i tomonidan to‘langan 9 mln 400 ming so‘m pul va 90 mln so‘mga baholangan bir dona avtotransport vositasi undiruvni ta'minlash uchun xatlangan.

«Profelite IMP» ishi bo‘yicha sud hukmi 24 sentabr kuni qonuniy kuchga kirgan bo‘lib, bu kunda ijroga qaratilgan. Shu bilan birga, ushbu agentlik bo‘yicha alohida jinoyat ishi yurituviga olingan Jonuzoqov nomidagi 3 mlrd 960 mln so‘mga baholangan xonadon hamda depozit hisob raqamiga Jonuzoqovning turmush o‘rtog‘i tomonidan to‘langan 9 mln 400 ming so‘m pullar undiruv uchun olib qo‘yilgan. Ammo mazkur uy alohida jinoyat ishiga taalluqliligi sababli hali undiruvga qaratilmagan.

Bundan tashqari, «International experience» XBA direktori O.Kimsanova va menejyeri H.Kimsanovalarga oid jinoyat ishi ham 2020 yil 5 oktyabrda ko‘rib tamomlangan. Sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, 68 nafar jabrlanuvchiga jami 1 mlrd 439 mln so‘m moddiy zararni undirish belgilangan va depozit hisob raqamidagi 449 mln so‘m pul yetkazilgan moddiy zararga qaratish belgilangan.

Asomxo‘ja Mavlon

MIB Toshkent shahar boshqarmasi inspektori Asomxo‘ja Mavlon ayni damda «Korean and migrations» hamda «Profelite IMP»ga oid sud hukmlari ijroga qaratilgani tufayli ushbu ijro harakatlari haqida quyidagilarni ma'lum qildi:

«2020 yilning 29 sentabr kuni MIB Toshkent shahar boshqarmasi ish yurituviga «Profelite IMP» mansabdor shaxsi M.Ochilovga oid ijro ishi kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur ijro hujjati alohida nazoratga olinib, hozirda ijro harakatlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi bosqichda tergov davomida xatlangan 431 mln pul mablag‘larini jabrlanuvchilarga tarqatish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jabrlanuvchi fuqarolar o‘zlari yashab turgan hududdagi MIB bo‘limlariga murojaat qilib, o‘zlarining bank hisob raqamlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim qilishsa, undirilgan 431 mln so‘m pul mablag‘lari tarqatib beriladi.

Bundan tashqari, joriy yilning 9 oktabr kuni «Korean and migrations» XBA mansabdor shaxslariga oid ijro hujjati kelib tushgan. Mazkur ijro hujjati alohida nazoratga olingan va hozirda tergov davomida xatlangan 7,5 mlrd so‘m pul mablag‘larini jabrlanuvchilarga tarqatish bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilmoqda. Bu bo‘yicha fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etilgan. Fuqarolar o‘zlari yashab turgan hududdagi MIB bo‘limlariga murojaat qilib, o‘zlarining bank hisob raqamlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etishsa, ularga pul mablag‘larini o‘tkazib beramiz.

Hozirda «Profelite IMP» bo‘yicha 42 nafar fuqaroga pul mablag‘lari o‘tkazib berildi. «Korean and migrations» bo‘yicha pul tarqatish 12 oktabr, dushanbadan boshlanadi», – dedi MIB rasmiysi.

Matbuot anjumanida qatnashgan jabrlanuvchilardan biri Jamshid Murodov jurnalistlarga bergan intervyusida «Korean and Migrations» XBAga 2019 yilning yanvar oyida dastlab 202 ming so‘m pul to‘lab a'zo bo‘lgani, keyinroq Koreyaga jo‘natishlari uchun 27 mln so‘m bergani, ularga davlat tomonidan berilgan litsenziyani ko‘rib ishonch bildirgani oqibatida shu ko‘yga tushganini aytib o‘tdi.

U jabrlanuvchilar pullarini to‘liq qaytarib olishlarini xohlashlarini, ammo matbuot anjumanida pullari qisman qaytarilishini bildirishgani uni xafa qilganini qo‘shimcha qildi.

  • 21 sentyabrda «Profelite IMP» XBAdan jabrlangan fuqarolar Toshkentda, bosh vazir qabuliga yig‘ilgan edi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ular bilan uchrashuvda zararning tergov va sudda undirilmagan qismi vazirlik huzuridagi jamg‘arma hisobidan to‘lab berilishini aytgandi.
  • 28 sentyabrda esa «Korean and migrations» XBAdan jabrlanganlar ham bosh vazir bilan uchrashish istagida Mustaqillik maydonida to‘planishgan edi. Ular bilan suhbatlashgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov tergov va sudda xatlangan mol-mulk jabrlanuvchilarga proporsional tarzda taqsimlanishini aytgandi. Vazir zararning qolgan qismi vazirlik huzuridagi jamg‘arma hisobidan to‘lab berilishi yoki to‘lanmasligi xususida ma'lumot bermagan.
  • Bundan oldin, 17 fevralda «Human» XBAdan jabrlanganlar ham Mustaqillik maydonida to‘plangach, bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashgandi. Shundan so‘ng ularning pullari Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan to‘liq to‘lab berilgan.
  • 5 oktabr kuni Samarqandda «Amilee Bahora» XBA rahbarlariga sud hukmi o‘qildi.
  • O‘zbekistonda «International Job Organization», «Recruit Consulting Work», «Consort» va yana bir nechta XBAlarga nisbatan ham jinoyat ishlari ochilgan. 633 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborgani aytilgan «Navoiy» xususiy bandlik agentligi ustidan jinoyat ishi ochilgan-ochilmagani ma'lum emas.

Mavzuga oid