Jamiyat | 23:12 / 12.10.2020
18548
2 daqiqa o‘qiladi

Boysun tumanida uch kun ichida 7,5 mln so‘m ariqqa oqib ketyapti

Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Darband va Dahnaijom mahallalari hududida, yo‘l chetida ichimlik suvi tortilgan katta quvur yorilgan. Yoriqdan o‘rtacha o‘nta jo‘mrak suvi oqib ketmoqda.

Bu haqda Kun.uz 7 oktabr kuni Surxondaryo viloyatiga oid rasmiy Telegram-kanali orqali xabar bergan edi. Biz 9 oktabr kuni ham o‘sha muammo bartaraf etilmaganiga guvoh bo‘ldik.

Shu o‘rinda bir tahlil. Ma'lumotlarga ko‘ra, bitta jo‘mrakdan bir daqiqada 7-8 litr suv oqib ketadi. Boysundagi quvur yorig‘idan o‘rtacha o‘nta jo‘mrak suvi isrof bo‘lyapti, deylik. Demak, daqiqasiga 70 litr suv isrof bo‘lyapti.

Soatiga 4200 litr. Sutkasiga 100 800 litr.

Uch kunda 302 400 litr suv isrof bo‘lyapti.

Biz o‘zimiz guvohi bo‘lgan uch kunni aytyapmiz. Vaholanki, o‘sha quvurning qachon yorilgani ham noma'lum. Balki bir hafta, balki bir oy bo‘lgandir...

Endi atigi uch kun davomida Boysunda isrof bo‘lgan ichimlik suvini pulga chaqib ko‘raylik.

Masalan, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida ichimlik suvi 60-120 ming so‘mgacha sotib olib, iste'mol qilinyapti. Aytaylik, mashina o‘rtacha 4 tonna suv sig‘imiga ega. 302 400 litr suvni to‘rtga bo‘lsak, 75-76 mashina bo‘ladi, ya'ni bu miqdor shuncha xo‘jalik kami bir hafta davomida iste'mol qilishi uchun yetadi.

75 mashina ichimlik suvi o‘rtacha 100 ming so‘mdan hisoblangan taqdirda ham Boysunda uch kunning o‘zida 7 500 000 so‘mlik suv ariqqa oqib ketyapti.

Uzoqqa bormaylik, Surxondaryo viloyatining o‘zida suvga muhtoj, ichimlik suvini naqd pulga xarid qilayotgan hududlar yo‘qmi?

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid