Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori va bosh shifokori tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyruqlariga ko‘ra, vazirlik huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori va bosh shifokori lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.
Unga ko‘ra, Nadirxanova Natalya Suratovna markaz direktori etib tayinlangan. U 1969 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Ko‘p yillar Buxoro viloyatidagi bir qancha tibbiyot muassasalarida ginekologiya sohasida, jumladan, Buxoro viloyat perinatal markazi direktori lavozimida ham faoliyat yuritgan. II-darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibi hisoblanadi.
2018-2019 yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bosh shifokor muovini bo‘lgan, 2019 yildan hozirga qadar markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari – bosh shifokor lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari – bosh shifokor lavozimiga esa Saparov Aminjon Baxtiyorovich tayinlandi.
U 1983 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan, akusher-ginekologiya sohasida ishlash barobarida ilmiy faoliyat ham olib borgan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining I.I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-g‘arbiy davlat tibbiyot universiteti aspiranturasini tamomlagan. 2018 yildan buyon markazning bosh shifokori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu muassasa ilmiy-tadqiqot va uslubiy markaz sifatida O‘zbekistonning barcha turdagi tibbiyot muassasalarida profilaktika, tashxis qo‘yish, davolashning eng ilg‘or innovatsion texnologiyalarini va uslublarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanadi. Markaz akusherlik va ginekologiya sohasida ixtisoslashish turlari bo‘yicha tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha klinik va o‘quv baza hisoblanadi. Shuningdek, respublika mintaqalarida akusherlik komplekslari va tug‘ruqxona bo‘limlariga tashkiliy-metodik va ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatadi.
Markazning yangi rahbarlariga sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, akusherlik va genikologiya bo‘yicha erishilgan natijalarni yanada rivojlantirish vazifasi ham yuklatilgan.
«Markazning asosiy maqsadi - yuqori sifatli va xalqaro standartlar talablari darajasida ixtisoslashtirilgan, tibbiy yordam ko‘rsatishga da'vat etilgan yuqori texnologiyali moddiy va ilmiy bazani, shuningdek, akusherlik va ginekologiya maktabini shakllantirish va rivojlantirish, aholining akusherlik va ginekologiya sohasidagi diagnostika, davolash va profilaktika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali tibbiy yordamga bo‘lgan talabini qondirishdir.
Bundan tashqari, akusherlik va ginekologiya sohasidagi dori-darmonlar, tibbiyot vositalari, shuningdek, diagnostika va davolash metodlarining klinik sinovlarini o‘tkazadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.