O‘zbekiston | 14:19 / 16.10.2020
10489
2 daqiqa o‘qiladi

Saydimurod Ismoilov Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, vazirlik huzuridagi akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori lavozimiga Saydimurod Ismoilov tayinlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning xabar berishicha, Saydimurod Ismoilov 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, O‘rta Osiyo tibbiyot pediatriya (hozirgi Toshkent pediatriya tibbiyot) institutini hamda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. 

Tibbiyot fanlari doktori, professor Saydimurod Ismoilov ko‘p yillar davomida tibbiyot sohasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, 17-sonli shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston prezidentining Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmatining sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari guruhi bosh konsultanti lavozimlarida ishlagan. Tayinlovdan avval esa O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi Yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘linmasi sho‘'ba mudiri lavozimini egallab kelgan.

Unga, avvalo, mamlakat hududlaridagi barcha aholiga sifatli va xalqaro talablar asosida ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, ixtisoslik bo‘yicha kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, tashxis qo‘yish hamda ularning oldini olishda samarali yondashuvlardan unumli foydalanish kabi vazifalar yuklandi. 

Bundan tashqari, u xirurgiya sohasida yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni tatbiq etish, yosh malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratish singari vazifalarga ham mas'ul etib belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu tibbiyot muassasasida direktor lavozimida ishlab kelayotgan akademik Feruz Nazirov markaz direktorining maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi.