Jahon | 19:49 / 21.10.2020
12575
9 daqiqa o‘qiladi

AQSh-2020: prezidentlik saylovi natijalariga qaysi shtatlar ta'sir o‘tkazishi mumkin?

AQShda prezident saylovlari boshlanishiga ikki hafta qoldi. Ijtimoiy so‘rovlar Demokratik partiya nomzodi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden peshqadamlik qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Biroq AQShdagi saylov tizimiga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ko‘p ovoz olish saylovda g‘alaba qozonish uchun yetarli emas.

AQShda tatbiq etilgan ikki bosqichli tizimda prezidentni shtatlar jo‘natgan 538 nafar delegat mansub saylov hay'ati belgilaydi. Ushbu kengashdan esa har bir shtatning aholisiga mos ravishda delegatlar o‘rin olgan.

Olti burchakning o‘lchamiga mos ravishda delegatlar soni ortib boradi Manba: usa.gov/BBC

538 nafar delegatning 270tasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod g‘alaba qozonadi. Shtatlarning aksariyati ma'lum bir partiyaning tayanchi sifatida tanilgan. Odatda, ular ovoz beruvchi partiya o‘zgarmaydi.

Biroq kam sonli shtatlar nomzodga uning siyosati yoki amaldagi kun tartibiga qarab ovoz beradi. Asosiy kurash ham ushbu «kalit» shtatlardagi saylovchilarni o‘z tomoniga «og‘dirish» borasida kechadi.

2016 yilgi saylovlarda prezident Donald Tramp Demokratik raqibi Hillari Klintondan butun mamlakat bo‘ylab 3 millionga yaqin kam ovoz to‘plagan, ammo shunga qaramay, delegatlar soni ko‘p bo‘lgan shtatlarda qo‘li baland kelib, prezidentlikka saylangandi.

Xo‘sh, 2020 yilgi saylovlarda qaysi shtatlar muhim rol o‘ynaydi? Bu shtatlardagi so‘nggi vaziyat qanday?

Viskonsin
2016 yil Tramp bu shtatda kichik farq bilan ustun kelgandi. Uning g‘alaba qozonishida esa shtatning qishloq hududlaridagi oq tanli ishchi sinfiga mansub ayollarning qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynagan.

Shu bilan bir qatorda, ayni shu saylovchilar guruhi 2018 yilda Demokratik partiyaga mansub nomzodning gubernator etib saylanishida muhim o‘rin tutdi.

So‘nggi ommaviy so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Bayden 10 delegatga ega ushbu shtatda yetakchilik qilmoqda.

Tramp tomonidan amalga oshirilgan savdo siyosati ushbu shtatdagi sut fermer xo‘jaliklari eksportiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu esa o‘z navbatida narxlar pasayishiga va ba'zi korxonalar yopilishiga sabab bo‘ldi.

Mazkur shtatdagi saylovchilarning munosabatiga ta'sir qilishi kutilayotgan yana bir omil – irqlar o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishidir. Kenosha shahrida politsiya tomonidan qora tanli odam otib tashlanganidan keyin butun shtat bo‘ylab ulkan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Respublikachilar demokratlarning g‘alaba qozonishi zo‘ravonlik va tartibsizlikni yanada kuchaytiradi, deb ta'kidlashmoqda.

Arizona
Bu shtat 2016 yil Tramp g‘olib chiqqan shtatlar qatoridan o‘rin olgan. Odatda, Respublikachilar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llaydigan bu shtatda Tramp atigi 4 foiz ustunlik bilan g‘alaba qozongandi. Bu yil o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari esa Baydenning ustunligiga ishora qilmoqda.

11 delegatga ega bo‘lgan Arizonada kelib chiqishiga ko‘ra lotin amerikalik va shaharlik o‘rta-yuqori toifaga mansub sinf nufusi tobora ortib bormoqda. Har ikkala saylov guruhi ham asosan demokratlarni afzal ko‘radi. Shuningdek, bu shtat koronavirus epidemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan shtatlar qatoriga kiradi. Saylovchilarning aksariyat qismi Tramp inqirozni noto‘g‘ri boshqardi, degan fikrda.

Ammo Trampning Meksika chegarasida devor qurish, shuningdek, chet elliklarning mehnat vizasini olishini qiyinlashtirishga qaratilgan immigratsiya siyosati unga ayrim segmentlardan ovoz to‘plashga imkon berishi mumkin.

Shimoliy Karolina
Barak Obamaning 2008 yilgi g‘alabasiga qadar bu shtat mamlakatdagi eng ashaddiy respublikachi shtatlardan biri edi. Natijalar 15 delegatga ega ushbu shtatning endilikda Respublikachilar partiyasining tayanch punkti emasligini ko‘rsatmoqda.

Bu yil Bayden ham, Tramp ham mazkur shtat bo‘ylab juda jiddiy reklama kampaniyalarini olib borishmoqda va shu orqali saylovchilarga ta'sir o‘tkazishga harakat qilishmoqda. So‘rovnoma natijalari esa Bayden oldinda ekanligini tasdiqlamoqda.

Shimoliy Karolina pochta orqali ovoz berish jarayonini boshlab bergan ilk shtat bo‘lib, pochta orqali ovoz berish istagini bildirgan saylovchilar soni ham rekord darajada. Ularning yarmidan ko‘pi Demokratik partiya tarafdorlaridir.

Agar pochta orqali berilgan ovozlar yakuniy natijani o‘zgartirsa, bu hol Trampga yoqmasligi aniq.

Michigan
2016 yilda Tramp 16 delegatdan iborat bu shtatda atigi 0,3 foiz farq bilan ustun kelgan. An'anaviy ravishda Demokratik partiyaga ovoz beruvchi, ishchi sinfi asosiy o‘rin tutgan ushbu shtat o‘shanda ishlab chiqarish sohasini jonlantirishni ko‘zda tutuvchi savdo siyosatini amalga oshirishga va'da bergan Trampni tanlab, 28 yillik an'anani buzgandi.

Otasi avtomobil sotuvchisi bo‘lgan Jo Bayden shtatdagi avtomobilsozlik sanoatining yuragi bo‘lgan Detroyt shahri bilan qalban bog‘langan. U vitse-prezidentlik davrida ham ushbu shtatga tez-tez tashrif buyurib turgan.

Bayden kuchli va mo‘'tadil nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Michigan esa odatda ushbu profildagi nomlarni afzal ko‘radi.

Pensilvaniya
20 delegatga ega bo‘lgan Pensilvaniya an'anaviy ravishda demokrat nomzodga ovoz beruvchi shtatdir. Ammo to‘rt yil oldin ushbu shtatning g‘arbida yashovchi saylovchilarning ovozi evaziga bu yerda Trampning qo‘li baland kelgandi.

Ushbu g‘alaba ortida esa demokratlar tomonidan shtatning g‘arbiy qismidagi eng muhim iqtisodiy faoliyat – energetika sohasiga oid berilgan va'dalarga nisbatan norozilik yotadi.

Tramp o‘z saylovoldi tashviqotida demokratlarning ko‘mir qazib olish va slanets gazi sohasida rejalashtirgan islohotlaridan shtatni himoya qilishga va'da bergandi. Trampning o‘z va'dasining ustidan chiqib-chiqmagani esa alohida masala. Koronavirus epidemiyasi boshlanganidan beri shtatda ishsizlik darajasi sezilarli darajada ortgan.

Boshqa tomondan, Bayden bu shtatda – Pensilvaniyaning sharqida joylashgan Skranton shahrida tug‘ilgan siyosatchi. Shu bois u bu yerda ma'lum-u mashhur.

Florida
Florida – saylovlar poygasi ayovsiz kechadigan shtat. Garchi bu yerga Donald Tramp tez-tez tashrif buyurib tursa-da, 2016 yil u mazkur shtatda juda kam farq bilan g‘alaba qozongandi.

Florida shtatida 26 delegat mavjudligi va u hech bir partiyaning tayanch nuqtasiga aylanmagani bu shtatni eng muhim shtatlardan biriga aylantirmoqda. Ushbu shtatning yana bir xususiyati shundan iboratki, 1964 yildan buyon ushbu shtatda g‘olib bo‘lgan nomzod prezidentlik saylovlarida ham g‘alaba qozongan.

Ushbu shtat natijalarini taxmin qilish esa juda ham qiyin, chunki uning demografik tuzilishi turli guruhlarni o‘z ichiga oladi va u doimiy ravishda o‘zgarib turadi.

Shtatda Lotin Amerikasidan kelgan muhojir aholi bor. Bu guruh esa umuman olganda, Respublikachilar partiyasiga yaqinroq. Biroq ular shtatning Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlaydigan qismlarida yashashadi.

Bundan tashqari, boshqa shtatlarda yashab, nafaqadagi davrini Floridada o‘tkazuvchi juda ko‘plab odamlar bor. Ushbu guruhning saylovda ishtirok etish darajasi ham juda yuqori.

Demokratik partiyaga ovoz berishga moyil bo‘lgan yosh saylovchilar soni tobora ortib borayotgan bir paytda shtatning qishloq joylarida yashovchi saylovchilar Respublikachilar partiyasidan uzoqlasha boshladilar.

Jorjiya
Jorjiya shtati 1960 yildan beri, ikkitadan tashqari barcha saylovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shunga qaramay, Bayden bu yil 16 nafar delegatga ega ushbu shtatda g‘olib chiqishga umid qilmoqda.

Irq bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, Baydenning siyosati bu yerda Trampnikiga qaraganda ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bu yil Jorjiyaning ayrim hududlarida, ayniqsa, yoshlar Black Lives Matter (Qora tanlilar hayoti muhim) shiori ostida namoyishlar o‘tkazishdi.

Ammo Tramp o‘zini «tartib va ​​tinchlik» olib keluvchi nomzod sifatida ta'riflamoqda. Bu esa shtatning siyosiy yo‘nalishini belgilaydigan oq tanli, konservativ saylovchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Ushbu shtatdagi saylovchilarning ishtiroki g‘olib nomzodni aniqlashda muhim rol o‘ynashi taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid