Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Zamin» fondi: Fuqarolar o‘zi yashayotgan joyning havosi qay darajada va nega ifloslanganini bilishi mumkin bo‘ladi
BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqalar ishtirokida havo sifati, uning monitoringi hamda holatiga oid ma'lumotlar ochiq-oshkoraligi masalasida davra suhbati o‘tkazildi.
«Zamin» fondi xabariga ko‘ra, tadbirda fond Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, ushbu masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.
Ta'kidlanishicha, transport vositalaridan chiqayotgan zararli is-gazlar, sanoat chiqindilari va ekotizimning buzilishi yildan yilga havoning ifloslanishiga olib kelyapti. Oqibatda onkologik, nafas respirator va yurak-qon tomir kasalliklarining ko‘lami ortib bormoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo havoning sifat monitoringini o‘tkazish, ya'ni turli moddalardan ifloslanish darajasini o‘lchash zarur. Ushbu tahlil natijalari bo‘lganidagina havoning ifloslanishi va buning inson salomatligiga salbiy ta'sirini kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin.

Qayd etilishicha, «Zamin» fondi hamda YUNEP ko‘magida Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan «Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringini avtomatlashtirish» loyihasi uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
«Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 63 ta kuzatuv punkti yagona tahliliy markazga birlashtirildi. Monitoring natijalari monitoring.meteo.uz ochiq onlayn platformasi va AirUz mobil ilovasida e'lon qilib boriladi.
Ikkinchi bosqichda butun respublika bo‘ylab avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish va havo monitoringi uchun xalqaro standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Uchinchi bosqichda monitoring natijalari respublikadagi Yagona geoinformatsion ma'lumotlar bazasiga kiritilib, xalqaro axborot tizimlariga integratsiyalanadi.
Grant mablag‘lari asosida o‘rnatiladigan ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushishi natijasida, havo sifati monitoringi xalqaro standartlarga muvofiq har soatda olib boriladi. Fuqarolar o‘zi istiqomat qiladigan joyining havosi ifloslanganlik darajasini va uning sabablarini aniq bilish imkoniga ega bo‘ladi», – deyiladi «Zamin» fondi axborotida.
Tadbirda BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Bruno Potssi ham so‘z olgan.
«Havoning ifloslanishi chegara bilmaydi. Bu barchamizga ta'sir qiladi va biz ushbu muammoni hal qilish uchun kuchlarni – hukumatlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, biznes va sanoat sohasini birlashtirishimiz kerak. Har bir inson toza havodan nafas olishga haqlidir. Hozir, global sog‘liqni saqlash inqiroziga duch kelgan paytimizda, bu ayniqsa muhim», – degan Bruno Potssi.
Mavzuga oid
07:50 / 30.10.2025
O‘zbekiston va Serbiya birinchi xonimlari “Imkon” ixtisoslashtirilgan bog‘chasida bo‘ldi
22:45 / 28.10.2025
O‘zbekiston va Serbiya Birinchi xonimlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
10:04 / 25.09.2025
Ziroat Mirziyoyeva: ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda
21:27 / 23.09.2025