Sport | 11:23 / 24.10.2020
16630
8 daqiqa o‘qiladi

Oqsoqlar klasikosi. «Barselona» va «Real» jar yoqasida

Yevropada dam olish kunlaridagi asosiy o‘yin bu safar omon qolish uchun kurashga aylanadi.

Madriddagi halokat

«Real» va «Barselona» ikkisi bir vaqtda klasikoga hozirgi kabi yomon holatda yetib kelishi yaqin orada kuzatilmagandi. So‘nggi o‘n yillik davomida klasikolar arafasida u yoki bu jamoada kichik inqiroz bo‘lishi ham juda kam ro‘y bergan. Masalan, «Barsa» 2012/13 yilgi mavsumda, jamoaning o‘sha vaqtdagi murabbiyi Tito Vilanova og‘ir kasal bo‘lganida shunday holatda edi. Yoki «Real» Rafa Benites davrida va undan keyin qiyin ahvolda qolgandi. Yoki, aytish mumkinki, shu yil martida ham ko‘pchilik kataloniyaliklarning ahvoliga achinib qarayotgandi. Ammo bu safar ikki raqib ham cho‘loqlanmoqda...

«Real» bilan barchasi tushunarli. Chempionlar ligasi startida «Shaxtyor»ning aralash tarkibiga Madridda mag‘lub bo‘lish falokat. Buni his qilish uchun Marca nashri saytiga kirish yetarli, «qaymoqranglilar»ga moyil bo‘lgan bu nashr tanqidiy ruhdagi materiallar bilan to‘lib-toshgan. «To‘liq halokat», «qo‘rqinch», «nomunosiblik», «noma'qulchilik» — shunday epitetlarga tez-tez ko‘z tushishi mumkin. Kolumnist Karlos Karpio esa umuman hech kimni ayamagan: «Zinedin Zidanning ixtiyorida yomon tayyorlangan, hech qanday ishtiyoqsiz va biror taktik qarorga ega bo‘lmagan jamoa bor. Tezligi va ehtirosi yo‘q «yog‘ bosgan» futbolchilar».

Futbolchilar orasida eng ko‘p tanqidga uchragani Marselo bo‘ldi. Marca o‘z o‘quvchilaridan «Shaxtyor»ga qarshi o‘yinda maydonga chiqqan futbolchilarga baho berishni so‘radi, aynan braziliyalik himoyachi eng ko‘p dislayk oldi — 12 mingdan ortiq, uning o‘yinini faqat 1300 kishi ijobiy baholagan. «Himoyani unga ishonib bo‘lmaydi. BO‘LMAYDI. Ikkinchi bo‘limda hujumda bir necha muvaffaqiyatli harakatlar bo‘ldi, ammo Marselo hozir o‘zining eng yaxshi yillaridagi formasidan ancha yiroqda», — deyiladi Marca materialida.

Jamoa o‘tgan haftaning dam olish kunlarida La Liga debyutanti «Kadis» qarshisida ilojsiz ahvolga tushib yengilgandi — 0:1.

Ramosning roli

«Shaxtyor» bilan o‘yinda Zidan klasiko haqida o‘ylayotgani ko‘rinib turardi, u Benzema va Kroosni shuning uchun zaxirada qoldirdi — ular faqat ikkinchi bo‘limda o‘yinni qutqarib qolish zarur bo‘lganida chiqishdi. Ular shanba kuni «Kamp Nou»dagi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda bo‘lishi kutilmoqda.

Fransuz va nemis futbolchilari hozirgi «Real» o‘yinida muhim ahamiyatga ega futbolchilar sanalishadi, ayniqsa Benzema, ammo bu jamoada barchadan ham muhim figura — Serxio Ramosdir. «Qaymoqranglilar» sardori «Kadis»ga qarshi o‘yinda tizzasidan jarohat olgandi, usiz himoya butunlay xarob ahvolga kelishi yana bir bor o‘z isbotini topdi. «Shaxtyor»ga qarshi o‘yin Varan himoya yetakchisi bo‘lishga layoqatsizligini ko‘rsatdi. Vizual taassurotni raqamlar ham tasdiqlaydi — Ramos yo‘qligida «Real» Yevropa maydonlarida sakkiz o‘yindan yettitasida yutqazgan. Klasiko esa — hatto Chempionlar ligasi o‘yinidan ham yuqoriroq maqomga ega.

Ramos maydonda va maydon tashqarisida o‘zini tutishi bilan hurmatga sazovor. Nolinchi yillar boshidagi uzunsochli yigitcha bugungi kunda modalar haqidagi nashrlarning yuzini bezaydi. Serxio maydonda ham shunchaki o‘ng qanot himoyachisidan ahamiyati raqamlar ko‘rsatayotganidan ham yuqoriroq bo‘lgan futbolchiga aylandi.

So‘nggi xabarlarda Ramos «Barselona»ga qarshi o‘yinga tayyorligi aytilmoqda. U maydonga tushishi bo‘yicha prognozlar turlicha, ammo u «qaymoqranglilar» uchun hozir har qachongidan muhim. Bir hafta ichida qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub bo‘lish «Real» uchun mumkin emas.

«Xetafe» «Barselona»dan yaxshiroq bo‘lgan vaqt

Shu bilan birga, «Barselona»ni ham bu o‘yinda favorit deb bo‘lmaydi. YeChLda «Ferensvarosh» yirik hisobda tor-mor etilishi (5:1) — bu, albatta, zo‘r, ammo raqib juda kuchsiz edi. Vengrlar 1990-yillardagi kabi o‘ynay olishmaydi, ular «Kamp Nou»da Chempionlar ligasi madhiyasidan keyin dovdirayotgandek ko‘rinishardi, ular maydonda Messi, Pike va Grizmanning harakatlarini kuzatish uchun tushishgandek edi. O‘tgan turda «Xetafe»ga qarshi o‘yin (0:1) esa ko‘proq narsani ochib bergandi. Madrid atrofidagi hudud jamoasi kataloniyaliklarni zarbalar soni bo‘yicha — 9ga qarshi 7, aniq zarbalar soni bo‘yicha — 5ga 2 ortda qoldirishdi. Burchak zarbalari bo‘yicha ustunlik ham ular tomonida bo‘ldi — 7ga qarshi 2.

Bu mag‘lubiyatni oqlashi mumkin bo‘lgan bir sabab bo‘lishi mumkin, FIFA kunlaridagi tanaffus hamisha «Barselona» uchun og‘ir kechgan, bu safar Atlantika ortiga faqat Messi borib kelgan bo‘lsada (avval Suares va Neymar unga sherik bo‘lardi). Ammo bu ham o‘ziga yarasha bir sabab.

Messi o‘yindan gol uradimi?

Messi mavsumning dastlabki besh o‘yinida ikki gol urdi. Ikkisini ham penaltidan. 27 sentabr kuni «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda — bu ko‘k-anorranglilarning La Ligadagi ilk o‘yini edi va Chempionlar ligasida «Ferensvarosh»ga. «Barsa» bu o‘yinlarda jami 13 gol urgan. Juda zo‘r statistika emas.

Qolaversa, argentinalik futbolchi uchta golli uzatma muallifi bo‘ldi — «Vilyarreal», «Selta» va «Ferensvarosh» bilan o‘yinlarda. Messi jamoaning 13 golidan 5 golida ishtirok etgan — bu 39 foizlik ko‘rsatkich.

«Barsa» uchun sardor maydonda bo‘lishi muhim. Ronald Kuman Messini markaziy hujumchi pozitsiyasiga qo‘ymoqda — bu Leo so‘nggi yillarda o‘ynagan pozitsiyadan oldinroq. «Xetafe» bilan o‘yinda bosh murabbiy argentinalik futbolchini hujumning o‘ng qanotiga — u «Barselona»da Pep Gvardola davrida harakatlangan nuqtaga qo‘ydi. Bu kutilganidek o‘zini oqlamadi. Shunday ekan, Messi markazga qaytadi. U endi o‘yindan ham gol urishi va barcha gap-so‘zlarga chek qo‘yishi kerak, klasiko esa — bu uchun ideal o‘yin.

Umuman, shanba kuni «Kamp Nou»da paydo bo‘ladiganlar o‘zlarining nimalarga qodirligini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Oqsoqlar klasiko juda tomoshabop o‘yinga aylanishi tayin.

Mavzuga oid