O‘zbekiston | 20:06 / 25.10.2020
12527
3 daqiqa o‘qiladi

Chetdan noqonuniy olib kirilgan 300 mln so‘mlik «Kamaz» fosh bo‘ldi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida axborot berdi.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda fuqaro Sh.A. boshqaruvidagi «Kamaz 65115» rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida ushbu umumiy qiymati 300 million so‘mlik yuk avtomashinasiga tegishli hujjatlar avtomashinaning identifikatsion belgilariga to‘g‘ri kelmasligi hamda qo‘shni mamlakatdan noqonuniy tarzda olib kirilgani aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, qonunbuzar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini chalg‘itish maqsadida ushbu noqonuniy olib kirilayotgan «Kamaz»ga boshqa bir «Kamaz»ning davlat raqamini taqib olgan.

«Kobalt»dagi 5500 dona tamaki mahsulotlari manzilga yetib bormadi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari fuqaro A.Sh. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashinani to‘xtatib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirdi.

Natijada, avtomashina yukxonasida unda yo‘lovchi sifatida harakatlanib ketayotgan fuqaro T.M.ga tegishli bo‘lgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari hamda aksiz markalari bo‘lmagan, umumiy qiymati 60,5 million so‘mlik 5500 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Bojxonachilar 150 million so‘mlik tropikamidning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida fuqaro Q.B. boshqaruvidagi «Kia Bongo 3» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtoulov yukxonasida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 150 million so‘mlik, jami 1000 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid