O‘zbekiston | 22:01 / 28.10.2020
14222
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi oluvchilar soni ma'lum qilindi

2020 yilning 9 oyida 60 mingga yaqin o‘zbekistonlikka ishsizlik nafaqasi to‘langan, 500 mingdan ortiq ishsiz fuqaro jamoat ishlariga jalb etilgan. Mamlakatdagi jami ishsizlar soni esa, 1-yarim yillik yakunlari bo‘yicha, 1,9 mln kishini tashkil etgan.

 2020 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda 60 mingga yaqin fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik vakili ishsizlik darajasi haqida gapirar ekan, 3-chorak natijalari 1-2 haftada e'lon qilinishini aytib, birinchi yarim yillikda ishsizlik 13,2 foizni tashkil etgani, ya'ni 2 millionga yaqin fuqaro ishga muhtoj deb hisoblanganini qayd etdi.

«9 oy davomida O‘zbekistonda 60 mingga yaqin fuqaro ishsiz deb e'tirof etilgan va ularga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Shu bilan birga, jamoat ishlarini ham aytib o‘tish kerak. Ya'ni ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarni ijtimoiy yo‘naltirilgan mehnatga jalb qilish uchun ham fond (Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi – tahr.) mablag‘laridan samarali foydalanamiz. Sababi, ishsizlik nafaqasi bersak ham bo‘ladi, yoki ishsiz fuqarolarga o‘zlariga ma'qul sohada yo uyiga yaqin joyda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilsak ham bo‘ladi.

Bu yil biz ko‘proq jamoat ishlariga jalb qilishga asosiy urg‘u berdik. 500 mingdan ortiq ishsiz fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qildik, ularga 450 milliard so‘mga yaqin mablag‘ to‘lab berdik», – dedi Temur Mahmudov 28 oktabr kuni AOKAdagi matbuot anjumanida.

Ishsizlik nafaqasi kimlarga to‘lanadi?

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e'tirof etilgan shaxsga, u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e'tiboran tayinlanadi.

Agar ishsiz fuqaro 35 yoshga to‘lmagan erkak bo‘lib, uning qaramog‘idagilar soni 3 nafargacha bo‘lsa, u ishsizlik nafaqasi olish uchun haq to‘lanadigan jamoat ishlarida belgilangan tartibda ishtirok etishi talab etiladi.

Avvalroq, ishsizlik nafaqasi olish uchun so‘raladigan hujjatlar soni 8tadan 3taga qisqartirilgani ma'lum qilingandi. Talabgorlar bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qiladi.

Ishsizlik nafaqasi miqdori qancha?

O‘tgan hafta «Aholi bandligi to‘g‘risida» qonun qabul qilindi. 3 oydan keyin kuchga kiradigan qonunga asosan, ishsizlik nafaqalari quyidagi miqdorlarda oshiriladi:

  • ishdan va ish haqidan so‘nggi 12 oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga – avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (679 330 so‘m)dan oz bo‘lmagan miqdorda (amaldagisi – MHEKMning 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorda);
  • ishdan va ish haqidan mahrum bo‘lgan hamda uzoq (12 oydan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga – MHEKMning 1 baravari miqdorida (amaldagisi – MHEKMning 26,5 va 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorlarda);
  • ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga – MHEKMning kamida 75 foizi miqdorida (amaldagisi – MHEKMning kamida 26,5 foizi miqdorida). Ish stajini hujjat bilan tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan shaxslarga ham shu miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Ishsizlik nafaqasi bir yilda ko‘pi bilan 26 hafta davomida to‘lanadi.

Mavzuga oid