BMT: Boy davlatlar millionlab sifatsiz mashinalarni kambag‘al davlatlarga eksport qilgan
BMT boy mamlakatlarning millionlab ishlatilgan va havoni yuqori darajada ifloslaydigan avtoulovlari rivojlanayotgan kambag‘al davlatlarga «uloqtirilayotgani» haqida ma'lum qildi.
2015 yildan 2018 yilgacha Yevropa, Yaponiya va AQShdan jami 14 millionga yaqin eski va sifatsiz transport vositalari eksport qilingan. Shundan har 5 tadan 4 tasi qashshoq mamlakatlarga sotilgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi Afrikaga yuborilgan.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, eksport qilingan mashinalarning 80 foizdan ortig‘i minimal xavfsizlik va ekologik talablarga javob bermagan. BMT eksport qiluvchilar ham, import qiluvchilar ham ushbu avtoulovlar oqimini to‘xtatish uchun qat'iy qoidalar joriy qilishi kerak deb hisoblaydi.
Tadqiqotchilarning 3 yillik tahlillariga ko‘ra, 146 mamlakatning aksariyat qismida avtomobillar importi to‘g‘risidagi qoidalar nihoyatda kuchsiz ekanligi aniqlangan. Afrika va Osiyo mamlakatlari sotib olgan eski mashinalar avtohalokatlar darajasining oshishiga sabab bo‘lgan.
«2017 yil Ugandaga olib kelingan dizelda yuradigan mashinalarning o‘rtacha yoshi 20 dan oshgan edi. Zimbabveda ham xuddi shunday holat. Aslida Afrikaning 30 ga yaqin mamlakatida avtoulovlarda yosh chegarasi yo‘q. Demak, bu yerga har qanday yoshdagi va har qanday turdagi mashina kirishi mumkin», deydi BMTning atrof-muhit masalalari vakili.
Aniqlanishicha, eksportyorlar mashinalarning platina qismlarini olib tashlab, o‘rniga temir ulagan. Chunki bunday platinalarni Yevropada 500 dollarga pullash mumkin. Shuningdek, eksport qilingan mashinalardan xavfsizlik yostiqchalari, qulflashga qarshi tormoz tizimlari noqonuniy yechib olingan. Ushbu mashinalar sabab bo‘layotgan baxsiz hodisalarning oldini olish uchun import qiluvchi mamlakatlarlarning bir nechtasi qat'iy cheklovlar qo‘ya boshladi.
Marokash ishlab chiqarilganiga 5 yil, Keniya esa 8 yildan ko‘p bo‘lmagan mashinalarnigina import qiladigan bo‘ldi. G‘arbiy Afrika davlatlarida esa 2021 yil yanvardan transport vositalarining tabiatga keltirayotgan zarar miqdori bo‘yicha standart o‘rnatiladi.
Mavzuga oid
21:48 / 23.11.2024
Odamlar o‘limiga ko‘proq sabab bo‘layotgan eng xavfli avtomobillar sanaldi
21:30 / 23.11.2024
COP29: Boy davlatlar iqlimni moliyalashtirishni oshirishga rozi bo‘ldi
17:39 / 23.11.2024
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
07:50 / 22.11.2024