Nima bo‘ldi?
Jozep Bartomeuning iste'fosi – boshqaruv muddati yakunlanmasdan turib postini tark etishga majbur bo‘lishi klubda so‘nggi besh prezidentdan to‘rtinchi holat. Bundan oldin Luis Nunes, Joan Gaspar va hozirda qamoqda o‘tirgan Sandro Rossel ham bu «baxt»dan mosuvo bo‘lishmagan. Faqat Joan Laporta so‘nggi kunlargacha boshqaruvda qoldi – aynan u klubga Ferran Soriano, Cheki Bagiristayn kabi top-menejyerlarni, shuningdek, Pep Gvardiolani jalb qilgan, Barselonaga trebl olib kelgandi.
Qizig‘i, Bartomeu davrida ham trebl bor, ammo Laporta davrida bu tarixiy g‘alaba bir qator aqlli qaror va rejalar natijasi bo‘lsa, Bartomeu davridagi ko‘proq tasodif va Laportaning merosi yordamida qo‘lga kiritilgan.
Bartomeu «Barselona»ni dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri sifatida qabul qilib olib, bir qator g‘alati va shubhali yollanma ishchilar guruhiga aylantirdi va har yili Chempionlar Ligasini sharmandalarcha tark etmoqda.
Bartomeu «Barselona»ni dunyodagi eng badavlat klublardan biri sifatida qabul qilib, endi, yangi futbolchilar sotib olish yoki tarkibidagi yulduzlarga maosh to‘lash imkonini ham topa olmayotgan inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi.
Bartomeu merosi – o‘tgan mavsumda birorta ham sovrin yuta olmaslik, «Roma», «Liverpul» va «Bavariya»dan uchralgan sharmandali mag‘lubiyatlar, La Masiyaga bo‘lgan e'tiborsizlik, Messi bilan ziddiyat, o‘z futbolchilarini tanqid qilish uchun jurnalistlarni yollash kabi chirkin qarorlar, hakamlar bilan janjallar...
Nega Bartomeu muddatidan oldin ketdi?
Ochiq ko‘rinib turgan muvaffaqiyatsizlik va noroziliklar fonida ham Bartomeu sobit tura olishini Messi bilan bog‘liq mojarolarda ham ko‘rgandik.
Bartomeu bir kun oldin: «Men klubni yetarli tajribaga va salohiyatga ega bo‘lmagan bir guruh insonlarga tashlab ketishni xayolimga ham keltirmaganman»
Bartomeu ertasi kuni: «Iste'foga ketishga qaror qildim»
Bartomeu shaxsiyati mana shu ikki jumlada ko‘rinadi. Prezident iste'fosi uchun ishonchsizlik votumi tashkilotchilaridan biri Jordi Farre aytganidek, «uni faqat Rim Papasining kechirishi yoki birorta meteorit kelayotgani haqidagi NASA bayonoti qutqarib qolishi mumkin» edi xolos.
Bir kunda nima o‘zgardi? Kataloniya jyeneraliteti klub prezidentiga bo‘lgan ishonchsizlik referendumini o‘tkazish mumkinligi haqida qaror chiqardi.

















