Jahon | 16:14 / 02.11.2020
5912
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada Covid-19’ni bir necha soniya ichida aniqlaydigan test ishlab chiqildi

Uelsda ishlab chiqarilgan nafas testi Covid-19’ni aniqlay oladi va uni boshqa nafas yo‘llari infeksiyalaridan deyarli bir zumda ajratib qo‘yadi.

Foto: PA

Koronavirus bo‘yicha yangi testning dastlabki sinovlari shuni tasdiqladiki, yuqumli kasallikni hozirgacha bo‘lganidek, bir necha soat ichida emas, balki bir necha soniya ichida aniqlash mumkin. VVS xabariga ko‘ra, testni to‘liq o‘tkazish bir necha daqiqa davom etadi.

Shotlandiya va Germaniyada o‘tkazilgan yangi testning sinov natijalari nufuzli Lancet tibbiyot jurnalida e'lon qilindi.

Uni ishlab chiqqan Imspex Diagnostics xabariga ko‘ra, agar yetarli mablag‘ topilsa, test vositasi olti oydan so‘ng foydalanishga tayyor bo‘ladi.

«Istiqbollar, menimcha, juda yaxshi, – deydi kompaniya asoschisi va rahbari Santi Dominges. - Uni bir zumda infeksiyani aniqlashi sababli nafaqat kasalxonalarda, balki turli xil vaziyatlarda ham qo‘llash mumkin. Salohiyati aviatsiyada, umuman transportda, migrantlar bilan ishlashda yuqori. Nafas olish uchun namunani tezda olish mumkin, buning uchun maxsus malakaga ega odam kerak emas. Bir necha daqiqada javob tayyor bo‘ladi».

Ma'lumotlarga ko‘ra, qurilma dastlab o‘pka saratoni kabi kasalliklarni aniqlash, shuningdek, bakterial infeksiyani virusli infeksiyadan tezda ajratib olish uchun mo‘ljallangan testlarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan texnologiyaga asoslangan. 

Biroq, global Covid-19 pandemiyasi boshlanganidan so‘ng, firma bor e'tiborini koronavirusni tashxislashga qaratishga qaror qildi. 

«Bizda bu sohada ishlanmalar mavjud, shu jumladan bunday qurilmalardan foydalanish tajribasi. Koronavirus paydo bo‘lganida, u bizni ushbu yo‘nalishga o‘tishga majbur qildi», – deydi Dominges.

Ushbu texnologiya asosida ikkita test o‘tkazildi – Edinburg va Dortmund kasalxonalaridagi bemorlarda. Tadqiqotchilar bunday qurilma Covid-19’ni boshqa infeksiyalardan ajrata olishini aniqlashga harakat qilishdi. 

Qurilma nafas namunalarini tahlil qilib, beqaror kimyoviy elementlarni qidiradi, ular esa nafas olish yo‘llari kasalliklari turiga oid ma'lumot beradi.

Testlar ushbu elementlarda Covid-19’ga doir belgini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, keyinchalik u boshqa invaziv test usullari bilan tasdiqlandi. Sinovlar Covid-19’ni 80 foiz holatda aniqlab, koronavirusni astma yoki bakterial pnevmoniya kabi boshqa kasalliklardan ajratib ko‘rsatdi.

Edinburgda o‘tkazilgan testlar davomida kasallikning og‘irligi va o‘lim xavfini aniqlaydigan kimyoviy elementlar ham aniqlandi.

«Agar ushbu testlar ishonchli ekani isbotlansa, unda ular poliklinikalar yoki shoshilinch tibbiy yordam bo‘linmalarida Covid-19’ni tezda tashxislash imkoniyatini ochadi, bu tibbiyot xodimlarining ishini ancha yengillashtiradi», – deydi olimlar. 

Covid-19’ni o‘xshash belgilarga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan gripp epidemiyalari davrida tezda aniqlash juda muhimdir.

Olimlar yangi ishlanmadan umid katta ekanini ta'kidladi. Biroq uning sinov ishlari ko‘lami hozircha uncha yuqori emas, u 100ga yaqin bemorda o‘tkazildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid