Shu yilning 24 oktabr kuni O‘zbekiston prezidentining «Mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan edi.

Namangan davlat universiteti rektori, Sobitxon Turg‘unov universitet saytida bu farmon va uning ta'lim va tarbiya jarayonlarini uzluksiz muvofiqlashtirishga qanday xizmat qilishi borasida fikrlarini bildirgan.

U bu boradagi fikrlari matnini Kun.uz'ga ham taqdim etdi.

Sobitxon Turg‘unov

«Oxirgi vaqtlarda fan va ta'lim, ularning ishlab chiqarish bilan  integratsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha 10 dan ortiq qaror va farmonlar qabul qilindi.  

Prezident Mirziyoyevning xalq muhokamasiga qo‘yilgan «Mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini ham ta'lim tizimiga berilayotgan e'tibor natijasi  deyish mumkin.

Fikrimcha, farmonda nafaqat ta'lim sifatini ta'minlash balki ta'lim-tarbiya ishtirokchilariga zarur sharoit yaratish, bir so‘z bilan aytganda, maktabgacha ta'lim muassasalaridan boshlab oliy ta'limdan keyingi jarayonlarda ilm-fan sohasini rivojlantirishga qaratilgan e'tibor ham o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, jarayonlar uzluksizligi va samaradorliligiga qaratilgan omillar tizimli ravishda to‘liq ifodalangan.

E'tibor qaratilsa, ushbu farmon loyihasi tabiiy ravishda ta'lim-tarbiya ishtirokchilari, ota-onalar va boshqa yig‘inlarda ham muhokama qilinmoqda. Bildirilayotgan fikrlarda esa o‘qituvchi va murabbiylarimiz, farzandlarimiz hayotida yangi bir davr boshlanayotgani ta'kidlanmoqda.

Yaxshi kadrni tarbiyalashda maktabgacha ta'lim tizimidan boshlab, oliy ta'lim tizimigacha bo‘lgan davr o‘ta ahamiyatli va muhim. O‘ylashimcha, hozirgacha oliy ta'limning professor-o‘qituvchilari bu jarayonlarda faol ishtirok etmagan.

Farmonda 2021 yildan boshlab, olis va chekka hududlardagi yoshlarni nufuzli olimlarga biriktirilishi, iqtidorli yoshlarni raqamli texnologiya, biologiya, genetika bo‘yicha 3-6 oylik stajirovkalarini xorijiy mamlakatlarda tashkil etish, hududlarda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning ilmiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish kabi masalalar alohida belgilanmoqda.