Umringizda tashlagan birinchi baklashka esingizdami? Albatta, yo‘q. Inson o‘zining 7 avlodini bilishi kerak deyishadi. Lekin bilasizmi, bu dunyoda sizning 14-avlodingiz yashayotgan paytda ham siz tashlagan o‘sha birinchi plastik baklashka hali chirib ulgurmagan bo‘ladi.

Bu – bitta plastik idish. Odamzot bo‘lsa, har yili 300 million tonnadan ortiq plastik chiqindi bilan Yer sayyorasini ifloslantiradi.

Bu raqamlar bilan O‘zbekistonda ko‘pchilikni hayron qoldirolmaysiz. Xalqimizga bu qiziq emas. Ularni qaysidir xonanda hayoti, shaxsiy munosabatlari ko‘proq qiziqtiradi...

Ekologiya? Daraxt? Suvni tejash? Chiqindini saralash?! Nima ular?

Ko‘pchilik meni hozir navbatdagi tomi ketgan vahimachi, ekofaol deyishi mumkin. Lekin bu gapni aytishdan oldin bizga omonat qilib berilgan bu dunyo, undagi jonivorlar va boshqa ne'matlarni qanday ahvolga solganimizni ko‘rib qo‘ying.

Bu hech qanaqa vahima emas. Afsuski, bu – odamzot tufayli Yer yuzida vujudga kelgan ayanchli haqiqat: yildan yilga rekord darajaga chiqayotgan o‘rmon yong‘inlari, plastik va boshqa chiqindilar tufayli ifloslanib borayotgan suv, tuproq, havo, yo‘qolib borayotgan flora va fauna, inson omili tufayli atmosferaga to‘xtovsiz chiqayotgan issiqxona gazlari va albatta, global iqlim o‘zgarishidir.

Ko‘pchilik haligacha bu muammolar O‘zbekistonga tegishli emas, bular uzoq-uzoq o‘lkalarda bo‘lyapti, deb o‘ylaydi. Vaholanki, muammolar O‘zbekistonda allaqachon boshlanib bo‘lgan. Biz buni his qilyapmiz, ammo shunchaki e'tibor bergimiz kelmayapti.

Esingizdami, 10–20 yil oldin poytaxtda qanday qish bo‘lardi. Tizzadan keladigan qorlar, sirpanchiq ko‘chalar, qorbo‘ron o‘ynagan bolalar… Insoniyat iqlimni o‘zgartiryapti va buning oqibati ayanchli bo‘ladi. Tog‘ muzlarining erib ketishi, qurg‘oqchilik, hosildorlikning keskin kamayib ketishi, narxlarning oshishi…

Aynan Markaziy Osiyo hududi ekologik o‘zgarishlarga sezgir va nozik hisoblanadi. Ammo bizning eng katta muammomiz – odamlarning bu masalalarga befarqligi va bu muammolarning juda kam yoritilishi.

Bugun O‘zbekistonda eng dolzarb muammolardan biri, aksariyat hollarda xalqimiz to‘g‘ri muomala qilolmaydigan chiqindi haqida gaplashamiz.