08:08 / 11.11.2020
4303

Elektr energiyasidagi uzilishlar soni va davomiyligi ikki baravar kamaygan – Energetika vazirligi

Monitoring ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda elektr energiyasidagi uzilishlar soni va davomiyligi 2019 yilga nisbatan ikki baravar kamaygan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Sergey Malgavko

Qayd etilishicha, elektr ta'minoti barqarorligiga ta'sir qiluvchi asosiy omillardan biri – mavjud elektr stansiyalari va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish. Ushbu yo‘nalishda Energetika vazirligi tomonidan muntazam ish olib borilmoqda, bu joriy yilda elektr energiyasidagi uzilishlar sonini ikki baravar kamaytirishga imkon berdi.

“O‘zbekistonda mavjud elektr stansiyalarining joriy quvvati mamlakat aholisi va iqtisodiyotiga, jumladan, kuz-qish davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish imkonini beradi. Xususan, iste'molning eng yuqori yuklama (pik) paytida, ayniqsa, sovuq va issiq mavsumda sodir bo‘ladigan elektr energiyasidagi uzilishlarga kelsak, bu, odatda, eskirgan elektr stansiyalari bilan bog‘liq holat bo‘lib, bunda mamlakat elektr energiyasi katta miqdordagi ixtisoslashtirilgan uskunalar bilan ta'minlanadi, modernizatsiya qilinadi va agar kerak bo‘lsa, ularni almashtirishda kerak bo‘lgan moliyaviy, boshqa zarur resurslarni ajratish bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda foydalanilayotgan energoqurilmalarning 50 foizi 30-40 yil davomida faoliyat ko‘rsatadi. Ularning jismonan va ma'nan eskirishi ushbu energobloklarning ishdan chiqishiga olib keladi, bu esa elektr stansiyalarining ayrim energobloklarida uzilishlar yuz berishiga olib keladi. Odatda ularni ta'mirlash uchun 3-5 soat vaqt ketadi. Ushbu holatlar qisqa muddatli elektr uzilishlarining sabablari hisoblanadi.

Shu bilan birga, avariyaga qarshi avtomatikaning ishlashi orqali tizimda katta avariyalarning oldini olish uchun bunday uzilishlar amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, ana shunday paytlarda Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar elektr energetika tizimlarining integratsiyalashuvi keyingi bir necha soat ichida elektr energiyasi ta'minoti qayta tiklanishining kafolati hisoblanadi”, – deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, elektr stansiyalari va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar har kuni davom ettirilmoqda, elektr ta'minotidagi uzilishlar soni va davomiyligi bo‘yicha alohida monitoring o‘rnatilgan, bu elektr ta'minotidagi muammoli joylarni topishga va ularni bartaraf qilishga imkon beradi.

Top