Jahon | 22:07 / 27.11.2020
8527
3 daqiqa o‘qiladi

Ayanchli raqamlar: bolalar o‘limining asosiy sabablari nimalar?

Tibbiyot rivoji bolalar o‘limini keskin kamaytirgan bo‘lsa-da, dunyo bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlar ancha vahimali ekanicha qolmoqda.

2019 yilning yakuniy ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan 5,2 million bola turli kasalliklar tufayli vafot etgan. Ularning 1,5 millioni 1–11 oylik, 1,3 millioni 1-4 yoshda bo‘lgan.

Yana bir juda katta raqam: 2,4 million nafar chaqaloq 28 sutkalikkacha bo‘lgan davrda vafot etgan bo‘lsa, 500 ming bola 5-9 yosh oralig‘idagi bolalardir.

Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining asosiy sabablari – muddatidan oldingi tug‘ruq asoratlari, tug‘ruq jarohatlari yoki asfiksiyalar, o‘pka zotiljami, tug‘ma yurak nuqsonlari, ich ketishi va bezgak kabi kasalliklar hisoblanadi.

Yoshi kattaroq bolalar orasida esa bu sabablar yoniga turli jarohatlar, avariyalar va cho‘kish kabi sabablar qo‘shiladi.

Yuqoridagi raqamlar juda dahshatli tuyulishi tabiiy. Ammo bu boradagi umumiy tendensiya o‘rganilsa, vaziyat ancha yaxshilanayotganini ko‘rish mumkin.

Yaqin tarix, ya'ni 1990 yil statistikasiga e'tibor qaratilsa, o‘tgan vaqt davomida bolalar o‘limi 59 foizga kamaygan. Ya'ni bundan 30 yil avval bir yil ichida 12,6 million bola turli sabablarga ko‘ra nobud bo‘lgan (2019 yilda – 5,2 mln).

30 yil avval dunyo aholisi 5,2 milliard kishi bo‘lgani, bugungi kunda esa 7,8 milliarddan ortgani hisobga olinsa, bu boradagi ko‘rsatkichlar qay darajada yaxshilangani yanada kuchliroq namoyon bo‘ladi. Ya'ni 1990 yilda har 11-bola nobud bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib har 27-bola 5 yoshgacha vafot etmoqda.

5 yoshgacha bo‘lgan bo‘lgan bolalar orasidagi yo‘qotishlar bo‘yicha Afrika qit'asi mutlaq yetakchilik qiladi. 2019 yildagi umumiy 5,2 mln.lik ko‘rsatkichning 80 foizdan ortig‘i Afrika hamda Markaziy va Janubiy Osiyo hududlariga to‘g‘ri keladi.

Umumiy o‘limlarning yarmidan ko‘prog‘i 5 davlat – Nigeriya, Hindiston, Pokiston, Kongo Demokratik Respublikasi va Efiopiya hissasiga to‘g‘ri kelsa, uchdan biri faqat ikki davlat – Nigeriya va Hindistonda qayd qilinadi.

Bu hududlarda yuqoridagi sabablarga qo‘shimcha yana ikki kuchli omil – to‘yib ovqatlanmaslik va OITS qo‘shiladi.

Vaziyat juda murakkabligini hisobga olgan holda, BMT va JSST bolalar o‘limini kamaytirishni 2015 yilda «Ming yillik rivojlanish dasturi»ga kiritgan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid