O‘zbekiston | 23:19 / 03.12.2020
4744
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlar bilan bog‘liq qonunchilik xalqaro talablarga to‘la mos emas - YUNISEF

O‘zbekistonda sog‘lom insonlar nogironligi bor shaxslarga qaraganda 2 baravar ko‘proq o‘z huquqlaridan erkin tarzda foydalana oladi. YUNISEFning BMT va O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda o‘tkazgan tadqiqotlari shunday natijani ko‘rsatgan.

Foto: Getty Images

YUNISEFning O‘zbekistondagi doimiy vakili Munir Mamedzade Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkil qilingan konferensiyada shu haqda ma'lumot berdi.

«Imkoniyati cheklanganlar huquqlari bilan ishlash borasida alohida yondashuv talab qilinmoqda. O‘zbekistonda bu boradagi qonunchilik tizimini takomillashtirish zarur. Afsuski, mavjud qonunchilik tizimi to‘la himoyani amalga oshira olmayapti.

Yaqinda qabul qilingan «Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunga «nogironlik belgisi bilan diskriminatsiya qilish», «nogironlikni aniqlash» tushunchalari kiritildi. Bundan juda xursandmiz. Lekin umumiy olganda, milliy qonunchilik xalqaro qonunchilik normalari va «Nogironligi bor shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiya talablariga to‘la javob bermaydi», – dedi YUNISEF vakili konferensiyada.

Munir Mamedzadening ta'kidlashicha, imkoniyati cheklanganlar ta'limi bilan bog‘liq muammolar ham bor.

«Masalan, O‘zbekistonda sog‘lom bolalar 100 foiz o‘rta ta'lim olish imkoniga ega bo‘lsa, imkoniyati cheklangan bolalarning 83 foizi bunga muvaffaq bo‘lyapti. Umuman olganda, bu yomon ko‘rsatkich emas.

Imkoniyati cheklangan bolalarning maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinishi esa sog‘lom bolalarga qaraganda 20 foiz kamroq», – dedi Munir Mamedzade.

Uning qayd etishicha, ayni paytda Xalq ta'limi vazirligi bilan ta'lim masalalari bo‘yicha hamkorlikda ishlanmoqda.

Mavzuga oid