O‘zbekiston | 09:13 / 04.12.2020
4644
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni hisobga olish tartibi o‘zgarishi mumkin

Toshkent shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish tartibini takomillashtirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish va taqsimlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida ijtimoiy uy-joylarga murojaat qilish davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari markazlari orqali joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Toshkent shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar tomonidan ijtimoiy uy joylarga murojaat qilish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanadi.

Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tuman hokimliklari tomonidan ko‘rsatiladi.

Toshkent shahrida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar tomonidan ijtimoiy uy joylar olish o‘rnatilgan tartibda Turar joy masalalari bo‘yicha komissiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi tashkilotlar:

  • Mudofaa bo‘limi (ariza beruvchining doimiy ro‘yxati bo‘yicha);
  • Sog‘liqni saqlash bo‘limi;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi;
  • Xalq ta'limi bo‘limi;
  • Pensiya jamg‘armasi;
  • Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi;
  • Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri boshqarmasi tuman bo‘limi.

Ariza beruvchilarni uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan talabgorlar reyestriga kiritish va shu asosda fuqarolarga uy-joylarni hisobga qo‘yish vaqti, aholi punktida foydalanishga topshirilayotgan, bo‘shayotgan uy-joylarning maydonidan kelib chiqqan holda, ro‘yxatda belgilangan navbat tartibida uy-joy ajratish komissiyasi, mas'ul tashkilotlar tomonidan qonuniylik, shaffoflik, adolat va haqqoniylik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Davlat xizmati jismoniy shaxslarga yoki ularning ishonchli vakillariga ko‘rsatiladi.

Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanishi mumkin:

  • turar joy maydoniga ega bo‘lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yerto‘lalar)da yashovchi fuqarolar;
  • har bir oila a'zosi o‘n olti kvadrat metrdan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun — yigirma uch kvadrat metrdan kam bo‘lgan turar joy bilan ta'minlanganlar;
  • yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar, bundan mavsumiy va vaqtinchalik xodimlar shuningdek, o‘qishlari sababli yotoqxonalarga ko‘chib o‘tgan fuqarolar mustasno;
  • qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ko‘p oila bo‘lib bir kvartirada yashovchilar;
  • uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida uch yil doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolar.

Quyidagilar aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar hisoblanadi:

  • 1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;
  • shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste'foga chiqqan harbiy xizmatchilar;
  • alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir shakllariga chalinganlar;
  • 16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari bo‘lgan ko‘p bolali oilalar;
  • chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;
  • uch nafar va undan ziyod mehnatga layoqatsiz oila a'zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
  • ishlamaydigan I va II guruh nogironlari;
  • keksayib qolgan yolg‘iz pensionerlar — yolg‘iz yashaydigan keksalar, voyaga yetmagan bolalar yoxud qamoqda va jazoni o‘tash muassasalarida, uzoq muddat davolanishda bo‘lgan shaxslar bilan birga yashaydigan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan pensiya yoshidagi shaxslar (60 yoshga yetgan erkaklar, 55 yoshga yetgan ayollar);
  • bolalikdan nogiron bo‘lib qolgan 16 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogironi bo‘lib qolgan bolalari bo‘lgan oilalar.

Mavzuga oid