Sport | 14:38 / 05.12.2020
13619
11 daqiqa o‘qiladi

London va Turinda derbi, «Real» uchun jiddiy sinov. Haftaning markaziy 4 o‘yini anonsi

Yevrokuboklardagi hal qiluvchi o‘yinlar oldidan, milliy chempionatlarda ham bir qator ahamiyatli o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Ispaniyada janub va markazning azaliy to‘qnashuvi, London va Turin derbisi, Germaniyada peshqadamlar bahsi. Xullas, bu safar kuchli to‘rtlikning har biridan bittadan markaziy o‘yin tanladik.

SeVILYa – ReAL Madrid (5 dekabr, 20:15)

“Real” oxirgi besh o‘yinda atigi bir marotaba g‘alaba qozondi, La Ligada so‘nggi uch o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmayapti, Chempionlar Ligasida keyingi bosqich masalasi 6-turga, raqib bilan o‘zaro uchrashuvga qoldirildi. Ramos ketmoqchi, Azar jarohat oldi, Zidanning iste'fosi haqida ko‘p gapirilmoqda. Anchadan buyon Madrid klubi bu qadar ko‘p negativ yig‘ilmagandi. Eng omadsiz pallalarda ham, “Real” o‘z o‘yinini topsa, qaytadigandek tasavvur uyg‘ota olardi. Hozir esa aynan qanday o‘zgarishlar hisobiga jamoa yana yengilmas klubga aylanishini aytish qiyin. Nursiz davr esa, hatto o‘tgan mavsumning oxiridan boshlangan. “Real” chempionlikka erishgan bo‘lsa-da, oxirgi turlarni juda ishonchsiz o‘tkazgandi.

Vaziyatni o‘nglash uchun noqulay payt. “Sevilya” Ispaniya chempionatining yetakchi jamoalari bo‘lishi bilan birga o‘z maydonida aynan “Real” uchun xavfli raqib sanaladi. O‘tgan mavsumda mehmonlar g‘alaba qozongan bo‘lsalar-da, o‘sha o‘yingacha qatorasiga besh o‘yin “Real” Andalusiyada g‘alaba nimaligini bilmagandi. Bundan tashqari, Lopetegi shogirdlari juda yaxshi seriya hosil qilib, qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozonishgandi. To‘g‘ri, hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida “Chelsi”dan yirik hisobda mag‘lubiyatga uchraldi, ammo bu o‘yin turnir nuqtayi nazaridan ahamiyatsiz bo‘lgani uchun andaluslar ikkinchi tarkib bilan harakat qilgandilar. Darvoqe, “Real” YeChLda asosiy tarkibni tushirishga majbur bo‘lgani ham mezbonlarning imkoniyatini oshiradi, zero futbolchilarning jismoniy holati “Sevilya”da yaxshiroq bo‘lishi tabiiy. Bu faktorlarning barchasiga Lopategining o‘z vaqtida “Real”dan iste'foga chiqarilganini e'tiborga olsak, intriga yanada oshadi.

Ammo Zidan jamoasining ijobiy xususiyatlaridan biri shundaki, ayni burchakka qisilgan paytda o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish qiladi va hammasi yo‘qotilmaganini isbotlaydi. Esingizda bo‘lsa, “El-Klasiko”dagi chiroyli g‘alabadan oldin ham bir qator kutilmagan mag‘lubiyatlar bo‘lgandi.

Tarkiblar borasida Azardan tashqari, Karvaxal va Valverde “Real”ga yordam bera olishmaydi. Mezbonlar safida esa, Eskudero bir necha haftaga safdan chiqqan.

YuVeNTUS – TORINO (5 dekabr, 22:00)

So‘nggi yillardagi natijalardan fikr yuritsak, “Torino” “Yuventus”ga yaqin kelishi mumkin emasdek. Masalan, oxirgi 18 o‘yinda “Torino” atigi bir marotaba, besh yil oldin g‘alaba qozonib, ikki marotaba durangga erishgan xolos. Ammo uchrashuvning derbi maqomi doimiy ravishda o‘yinlarning kurashga boy bo‘lishini ta'minlaydi. Buning ustiga, “Yuventus” bu mavsumda u qadar ishonchli ko‘rinmayapti. Pirlo shogirdlari A Seriyada mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan ikki jamoadan biri bo‘lsa-da, duranglar haddan tashqari ko‘p. Top raqiblar emas, “Benevento”, “Krotone” hamda “Verona” kabi jamoalarning “Yuventus”dan ochko olishni uddalashgani “Torino”ga ham umid beradi.

“Benevento”ga qarshi o‘yinda “Yuventus”ning yagona golini urgan Alvaro Morata maydondan chetlatilgan ham edi. Demak diskvalifikatsiya tufayli u mehmonlarga yordam bera olmaydi. Ammo Krishtianu Ronaldu juda yaxshi formaga kirib olganini ta'kidlash kerak. U jamoa tarkibidagi oxirgi 11 uchrashuvning 10tasida maydonni golsiz tark etmadi. O‘sha gol ura olmagan o‘yinda ham u sherigining goliga hammualliflik qilgandi. Moratadan tashqari, markaziy himoyachilar Kellini va Demirelga ham hali maydonga qaytishga erta.

“Torino” tarkibida ham o‘z goleadori bor – Andrea Belotti. “Torino” hozirda xavfli zonada bo‘lsa-da, urgan gollari bo‘yicha “Yuventus”dan atigi 2taga kam va ligada 8-o‘rinda. Bu holatda Belotti va uning 7 golining roli beqiyos. Italiyalik hujumchi nihoyat uch yil oldingi sport formasiga qaytayotgan ko‘rinadi. Jampaolo jamoasiga Bazelli, Murru va Verdi kabi yetakchi futbolchilar jarohatlar tufayli yordam bera olishmaydi.

BAVARIYa – LeYPsIG (5 dekabr, 22:30)

Bundesligada odatda “Bavariya” va Dortmund qarama-qarshiligi haqida ko‘p aytilsa-da, o‘zaro o‘yinlarda, umuman uslub va noqulaylik jihatidan aynan “Leypsig” peshqadamga munosibroq deb bemalol aytish mumkin. Sababi, Nagelsman jamoasi tarkibda yulduzlar yo‘q bo‘lsa-da, tashabbuskor o‘yinni yoqtiradi, jamoaviy o‘yin, to‘p nazorati “Borussiya”ga nisbatan tartibliroq yo‘lga qo‘yilgan. Bu maydonda ham, o‘zaro o‘yinlarda ham isbotini topib kelyapti. “Leypsig” katta futbolga kirib kelgach, o‘tkazilgan 10 uchrashuvning yarmida “Bavariya” g‘alaba qozonishning uddasidan chiqa olmagan. So‘nggi to‘rt o‘yinning uchtasida ham tomonlar durangga rozi bo‘lishgan. E'tiborlisi, bu uchrashuvlarda “Leypsig” ham pozitsion o‘ynashni uddalagan.

Turnir jadvalida ham bu ikki jamoa hozirda peshqadamlik qilmoqda. “Bavariya” 9 o‘yindan 22 ochko to‘plab, birinchi, “Leypsig” 20 ochko bilan ikkinchi o‘rinda boryapti. Demak, mehmonlar g‘alaba qozonishsa, yakkapeshqadam bo‘lib olishi ham mumkin.

Myunxenliklar faqat Joshua Kimmix xizmatidan foydalana olishmaydi. “Leypsig” safida deyarli barcha yetakchi futbolchilar o‘z o‘rnida. Har holda Xenrixs, Kampl, hamda Laymerlarning o‘rnini bosish mumkin bo‘lgan resurs Nagelsmanda mavjud.

Boshqa tarafdan, kelasi haftadagi YeChL o‘yinlarini inobatga olsak, mezbonlarda ustunlik bor. Chunki myunxenliklar yevrokubokdagi masalani hal qilib bo‘lishgan. “Leypsig” esa “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘ta ahamiyatli, finalga teng bahsda maydonga tushadi. “Bavariya”da aynan Bundesligaga bor kuchini tashlash imkoniyati bor, Nagelsman esa xayolining bir burchagida seshanba oqshomini ham hisobga olishi tabiiy.

TOTTeNHEM – ARSeNAL (6 dekabr, 21:30)

Bir paytlar Pochettino “Tottenhem”i APLda eng ko‘p pressing qiladigan jamoa bo‘lgandi. “Arsenal”da esa azaldan pozitsion hujumlar va to‘p nazorati qadriyat darajasiga yetgan. Ammo qizig‘i, bugungi “Tottenhem” va “Arsenal”ni faqat libosi o‘ziga o‘xshatib turibdi xolos – Mourino allaqachon “Tottenhem”ni o‘ziniki qilib oldi, Artetaning “Arsenal”i esa himoyaviy jamoaga aylanib qoldi. “To‘pchilar”ning APLda faqatgina uch autsayderdan ko‘proq gol urgani aqlga sig‘maydigan hol.

Artetaning himoyaga asoslangan uslubi top o‘yinlarda ba'zida samara beryapti va allaqachon ikki sovrin ham olib keldi. Ayniqsa, “Old Trafford”dagi o‘yinda murabbiy raqibga nisbatan taktika tanlashning oliy darajasini namoyish qilgandi. Ammo “Vulverhempton” va “Lester” kabi bu uslubni avvaldan o‘zlashtirgan jamoalarga qarshi qiyinchiliklar yuzaga kelyapti. Aslini olganda, xuddi shu muammolarni “Tottenhem” ham his qilishi kerakdek, lekin Son va Keyn juftligi ko‘p o‘yinlarda Mourinoning joniga oro kiryapti. Aytish mumkinki, bu juftlik ayni damda Yevropadagi eng samarali tandemlardan biriga aylandi. “Arsenal”da aynan mana shu faktor yetishmayapti. Hatto jamoani oldinga tortishi lozim bo‘lgan Obameyang ham, tajribali Villian ham mavsum boshidagi sport formasidan uzoq.

Xullas, bu safargi London derbisi kartina nuqtayi nazaridan avvalgilardan farq qiladi. “Tottenhem” ham, “Arsenal” ham avvalo xato qilmaslik va raqibni bunga majbur qilish ustida ish olib borishlarini kutish mumkin. “Tottenhem” turnir jadvalida peshqadam ekani, “Arsenal” esa, autsayderlar safida yurgani murabbiylarni bu o‘yinga ancha ehtiyotkor yondoshishga undaydigandek. Ammo yana shuni aytish mumkinki, bunday bahslarda birgina tezkor gol raqiblardan birini taktikani o‘zgartirishga majbur qiladi. Jamoaning odatlanmagan uslubga o‘tishi esa, o‘yinni ochiqroq, tartibsizroq, ya'ni qiziqarliroq o‘tishini ham ta'minlaydi.

Ijrochilarga to‘xtalsak, mehmonlarning yo‘qotishlari jiddiyroq. Ayniqsa, Tomas Parti aynan top raqiblarga qarshi o‘yinlarda asosiy planga chiqib borayotgandi. U va David Luizning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Niklas Pepe esa, “Lids”ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi uchun diskvalifikatsiyani o‘tashda davom etyapti.

Darvoqe, payshanba oqshomida “Arsenal” Yevropa ligasini Londonda o‘tkazdi. “Tottenhem” esa, Avstriyaga safar qilishga majbur bo‘ldi. Bu mehmonlarga ozgina bo‘lsa-da, ustunlik beradigan yana bir faktor.

BOShQA O‘YINLAR

5 dekabr. Ayntraxt – BORUSSIYa D (19:30), MANCheSTeR SITI – Fulhem (20:00), Vest Hem – MANCheSTeR YuNAYTeD (22:30), ATLeTIKO – Valyadolid (22:30), INTeR – Bolonya (6 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45), CheLSI – Lids (6 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00), Kedis – BARSeLONA (6 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00), Monpele – PSJ (6 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

6 dekabr. ROMA – Sassuolo (19:00), Krotone – NAPOLI (22:00), LIVeRPUL – Vulverhempton (7 dekabrga o‘tar kechasi, 00:15), Sampdoriya – MILAN (7 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45).

Mavzuga oid