Yosh bolalarni ilm-fanga qiziqtirish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelgan sifatli bosma nashr – «Jajji akademik» jurnali o‘z faoliyatini yakunladi. Jurnal bosh muharriri, «Akademnashr» nashriyoti bosh direktori Sanjar Nazar Facebook sahifasida loyiha qanday sabablar tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida yozdi.

«Xullas, eplay olmadik. Jurnal muttasil zararga chiqdi. Umumiy zarar o‘n xonali sonda ifodalanadigan bo‘ldi. Ammo bu asosiy sabab emas. Iqtisodni amallash mumkin, yaxshilar yeng shimarib turishgani shubhasiz. Masalan, o‘tgan yili bir yaxshi inson jurnalning jamiki qoldiqlarini sotib oldi. Bu yil bir do‘stimiz bir yillik nashr xarajatlarini o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanligini bildirdi...

Biz tarqatish, targ‘ib qilish va eng alamlisi, ehtiyoj uyg‘otishni eplay olmadik. Shu yo‘l – ilm najot ekanligiga odamlarni ishontira olmadik. Bu haqiqatni bilganlarning ko‘pchiligi esa bolalariga rus tilidagi jurnallarni olib berishadi. Bolalari rus maktablarga qatnaydi...

Vaziyatimizdan Xalq ta'limi vazirligini ham, Yoshlar ishlari agentligini ham, boshqa ehtimoliy aloqador bo‘lishi mumkinlarni ham xabardor qilgan edik. Ularda amaliy yordam berish uchun vakolat va imkoniyatlar yo‘qligini ham bilamiz.

Eng sillamizni quritgani pochta tizimidagi muammolar bo‘ldi. Obuna bo‘lgan, xarid qilgan odamlarga jurnallar yetib bormadi va hamon bormayapti. O‘zimiz mustaqil yetkazib berish tizimini tashkil qila olmasdik. Sof tijoriy, milliardlab foyda ko‘radigan tadbirkorlik yo‘nalishlari ham buni O‘zbekiston sharoitida hozircha eplay olishmaydi».

Xulosaga o‘rin beramiz

Aslini olganda, bolalar uchun sifatli ma'rifiy kontent yarata oladigan badiiy jamoa mavjudligining o‘zi katta yutuq – hamma joyda ham bor emas bunday boylik. O‘tmish ta'limimiz unchalik yomon bo‘lmagan ekanki, shunday kadrlarimiz bor. Biroq hozirgi davrda bunday jamoa mavjudligining o‘zi yetarli emas ekan. Bu jamoaning mardonavor urinishlari kor qilmabdi.

Avvalo shuni aytish kerakki, xususiy urinish o‘laroq yuzaga kelgan bu bosma nashrning yashab ketolmagani sababi, boshqa ko‘plab bosma nashrlarning inqirozi kabi tushunarli – internet sabab davrimizga informatsion taqchillik emas, balki informatsiyaga bo‘kib qolish xosroq. Buning ustiga, yosh-u katta uchun qiziqishlarni osonlikcha qondirish imkoniyatini beruvchi elektron vositalar qulayroq. Umuman olganda, yengillik turganda qiyinroq narsani lozim topish inson tabiatiga zid. Tabiatga qarshi chiqib bo‘lmaydi. Shu uchun ham bosma nashrlar hozirda faqat «ko‘ngilli-majburiy» obuna orqali umrguzaronlik qilyapti. Biroq...