Jahon | 20:44 / 07.12.2020
4955
2 daqiqa o‘qiladi

Nikolas Maduro Venesuela parlamenti ustidan nazoratni o‘ziga qaytara oldi

Venesuelada o‘tgan parlament saylovlari natijalariga ko‘ra amaldagi prezident Nikolas Maduro parlament ustidan nazoratni o‘ziga qaytara oldi. Saylovlarda prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi alyans ko‘pchilik ovoz oldi. Muxolifatning katta qismi saylovlarga boykot e'lon qildi va ekspertlar mamlakatda qarama-qarshilik keskinlashishini aytishmoqda.  

Foto: AP Photo/Matias Delacroix

82 foiz ovozlar hisoblab chiqilgandan keyin Maduro o‘z ittifoqdoshlari bilan 67,7 foiz ovoz olgani ma'lum bo‘lgan. 2-o‘rinni “Demokratik alyans” muxolifat bloki 18 foiz ovoz bilan egallagan.  

Ma'lum qilinishicha, saylovlardagi davomat 31 foizni tashkil qilgan. Biroq parlament raisining birinchi o‘rinbosari Xuan Pablo Guanipa bu ma'lumotlarni rad etgan. Uning fikricha, davomat 20 foizdan ham oshmagan. U Twitter’da saylovchilarning bir qismi saylov uchastkalariga bosim ostida kelganini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, muxolifat saylov natijalarini tan olmoqchi emas.   

Venesuela parlamenti – Milliy assambleya 5 yilga saylanadi. Saylov oldidan deputatlar soni 167 nafardan 277 nafargacha ko‘paytirilgan. Milliy saylov kengashi raisi Indira Alfonso buni saylovlarda ishtirok etishni istovchi partiyalar soni keskin ko‘paygani bilan tushuntirgan.

Hammasi bo‘lib saylovda 107ta partiyadan 14 ming nomzod ishtirok etgan. 

5 yil avval saylovni muxolifat – “Demokratik birdamlik davra stoli” bloki yutgan va 109 o‘rin olgan. O‘shanda Maduroni qo‘llab-quvvatlovchi Yagona sotsialistik partiya 16 yil ichida birinchi marta mag‘lubiyatga uchragan. Hozir muxolif kuchlar Maduro muxolifat g‘alaba qilsa iste'foga ketishga va'da berganiga qaramay, muxolifat ichida parchalanish bo‘lgani sababli 5 yil avvalgi natijani takrorlay olishmagan.

Venesuelada 2019 yil yanvarda muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo o‘zini mamlakat rahbari deb e'lon qilgandan keyin vaziyat keskinlashgandi. Uni AQSh va Yevropaning ko‘plab davlatlari qo‘llab-quvvatlagan. Amaldagi prezident Maduro buni davlat to‘ntaruviga urinish deb atagan. O‘z navbatida, Maduroni Rossiya, Belarus, Xitoy, Eron, Turkiya, Suriya, Kuba va Nikaragua qo‘llab-quvvatlagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid