21:16 / 09.12.2020
5636

Boy davlatlar vaksinani taloto‘p qilishi fonida nochorroq mamlakatlar chetda qolishi mumkin

Dunyo aholisining o‘ndan to‘qqiz qismi kelasi yili koronavirusga qarshi vaksina ololmasligi mumkin.

Andres Martinez Casares/Reuters

Taxminlarga ko‘ra, boy davlatlar hali savdoga chiqmagan vaksinaga oldindan pul to‘lab qo‘ygani sababli, boshqa davlatlardagi 90 foiz aholi emlanish imkoniga ega bo‘lmaydi.

Aholini vaksinatsiya qilish alyansining ma'lum qilishicha, boy davlatlar barcha aholisini emlashga yetarli vaksinaning keragidan 3 barobar ortig‘iga haq to‘lab bo‘lishdi.

«Hukumatlar, Amnesty International va Oxfam kabi nodavlat tashkilotlar shoshilinch choralar ko‘rmasa, kamida 67 mamlakat bor-yo‘g‘i 10 foiz aholisini emlay oladi», deya ogohlantirgan Aholini vaksinatsiya qilish alyansi.

67 davlatdan 5tasi - Keniya, Myanma, Nigeriya, Pokiston va Ukrainada jami 1,5 million kishi koronavirusga chalingan.

Aksincha, dunyo aholisining 14 foizi istiqomat qiladigan boy davlatlar esa hali savdoga chiqmagan vaksinalarning 53 foizini sotib olib bo‘lishdi.

Ular Yevroittifoq davlatlari, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Shveytsariya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Makao, Hongkong, Isroil va Kuvayt.

«Vaksinaning bu tarzda ulgurji savdosi har kim, har yerda koronavirusdan himoyalanishga bo‘layotgan global urinishlarni yo‘qqa chiqaradi. Boy davlatlar nafaqat vaksinani hammayoqqa tarqatishga to‘sqinlik qilmaslik, balki unga muhtoj davlatlar bilan hamkorlik qilish va ularga ko‘mak berishga ham burchlidirlar», degan  Amnesty International vakili Stiv Kokbern.

Tubdan o‘zgarishlar zarur

Oxfam ma'lumotlariga ko‘ra, Kanada aholisining besh baravari miqdorida vaksinaga haq to‘lab qo‘ygan.

Dunyoning yana bir iqtisodiy giganti Janubiy Koreya 50 million aholisining 88 foiziga yetarli vaksina sotib olgan.

Ayni damda rivojlanayotgan davlatlardan biri Filippin atigi ikki million olti yuz ming doza vaksinaga buyurtma bergan. Vaholanki, bu 100 millionlik aholining 1,3 foizi, xolos.

«Hech kim yashayotgan davlati va cho‘ntagidagi puliga qarab hayot uchun zaruriy vaksinadan bebahra olmasligi kerak. Biroq voqealar rivoji tubdan o‘zgarmasa, dunyodagi milliardlab odamlar yillar davomida xavfsiz va samarali koronavirus vaksinasini ololmasliklari mumkin», deya fikr bildirgan Oxfam’ning salomatlik masalalari bo‘yicha rahbari Anna Marriot.

Frank Augstein/Pool via Reuters

Buyuk Britaniya dunyodagi qariyb ikki million kishining yostig‘ini quritgan kasallikka qarshi emlashni boshlagan ilk davlat bo‘ldi.

Hisobotda aytilishicha, alyans davlatlar va farmatsevtik kompaniyalar o‘rtasidagi shartnomalarini tahlil qilib chiqdi.

3-faza sinovlaridan ham muvaffaqiyatli o‘tib, tasdiqdan deyarli o‘tgan 3 vaksinadan ikkitasi Moderna va Pfizer/BioNTech preparatlari allaqachon boy davlatlar tomonidan sotib olingan.

Aholini vaksinatsiya qilish alyansi vakili doktor Mohga Kamol Yannining aytishicha, joriy tizim farmatsevtik kompaniyalar tadqiqotlarni jamoat fondlari mablag‘lari hisobiga qilayotgani, eksklyuziv huquqlarni o‘zlarida olib qolishayotganiga diqqatni qaratgan. Bu tizimda bir tomonda kompaniyalar pul ishlab topsa, boshqa tomonda ko‘plab insonlar hayotiga nuqta qo‘yiladi.

«Chegara bilmas shifokorlar» vakili doktor Sidney Vong Pfizer va Moderna kabi farmatsevtik kompaniyalarni vaksina ishlab chiqarish hajmini oshirishga chaqirdi.

«Biz vaksina dunyo bo‘ylab tarqalishini ko‘rishni istaymiz. Vaksinalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining kriteriylari asosida taqsimlanishi kerak, davlatlarning to‘lov layoqatiga qarab emas», deydi Sidney Vong.

Tashkilot, shuningdek, kompaniyalar intellektual mulk texnologiyalari, ma'lumotlar va «nou-hau»ni baham ko‘rishlari shart. Shundagina vaksina kengroq ko‘lamda va raso narxlarda ishlab chiqarilishi mumkin.

«Tadqiqot, sinovlar va ishlab chiqarishga oid xarajatlarni sir tutish ortidan davlatlar va farmkompaniyalar soliq to‘lovchilar va jamoat institutlari oldidagi mas'uliyatlaridan qochyaptilar. Axir ular emasmi vaksinalar ishlab chiqishga pul bergan va sotib olishga ham pul to‘lamoqchi bo‘lganlar?

Shaffoflik bo‘lmasa, jamoatchilik adolatli narxni bilolmaydi. Davlatlar esa, vaksinaning asl qiymatni bilmay turib, savdolashishlari qiyin bo‘ladi. Birortayam kompaniya pandemiyadan cho‘ntagi qappayib chiqishi kerakmas», deya hayratini izhor qilgan «Chegara bilmas shifokorlar» tashkilotining amerikalik maslahatchisi Dana Gill.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top