Jahon | 20:03 / 09.12.2020
8410
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Bokuga harbiy paradda ishtirok etish uchun keldi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9 dekabrda Ozarboyjon poytaxti Bokuga 2 kunlik tashrif bilan keldi. Turkiya rahbari Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlar yakunlangani munosabati bilan Bokuda o‘tadigan harbiy paradda ishtirok etishi kutilmoqda.

Paradni 10 dekabrda Bokuning markaziy stadioni “Azadlig”da o‘tkazish rejalashtirilgan.

“AzerTAj” axborot agentligining xabar berishicha, Erdo‘g‘an tashrifi davomida 10 dekabrda hamkasbi Ilhom Aliyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Avvalroq Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi matbuot kotibi O‘mer Chelik Erdo‘g‘anning Ozarboyjonga tashrifini tarixiy tashrif deb atagandi. U Erdo‘g‘an Bokuga Ozarboyjon qurolli kuchlarini g‘alaba bilan qutlagani borishini ta'kidlab o‘tgan.

Erdo‘g‘an Ozarboyjonga avvalgi safarini joriy yilning 25 fevralida Ozarboyjon-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 8-yig‘ilishida ishtirok etish uchun amalga oshirgandi.

27 sentyabr kuni tongda Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar avj olgandi. Bu urush har ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan o‘zaro qarama-qarshilikning eng jiddiysi bo‘ldi. 9 noyabrda Rossiya vositachiligida uch tomonlama (Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida) kelishuv imzolandi va urush to‘xtadi. Kelishuvni Ozarboyjon g‘olib bo‘lganining isboti sifatida qabul qildi va 10 noyabr mamlakatda g‘alaba kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Armaniston uchun esa kelishuv mag‘lubiyat sifatida baholandi. 

Mavzuga oid