O‘zbekiston | 09:03 / 12.12.2020
4423
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr ta'minotidagi uzilishlar tufayli tadbirkorlik sub'yektlariga 1,6 mlrd so‘mga teng zarar yetkazildi

2020 yil 11 dekabr kuni Oliy Majlis Senati kengashining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda Senat tomonidan aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta'minlash holati yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Majlisda iste'molchilarga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir yetkazib berishda qator muammolar aniqlangani qayd etildi.

Jumladan, energiya yetkazib berish, iste'molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha elektr energiyasi iste'molini cheklashda belgilangan talablarga amal qilinmagan.

Elektr ta'minotini cheklashda shaffoflikning mavjud emasligi, iste'molchilarning cheklov grafiklari bilan tanishtirilmasligi aholiga va ayniqsa, tadbirkorlik sub'yektlariga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Oldindan ogohlantirilmasdan amalga oshirilgan uzilishlar oqibatida 1 351ta ulgurji iste'molchiga 1 mlrd 620 mln so‘mga teng moddiy zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, elektr yetkazib berish hajmlari yil sayin oshib borayotgan bo‘lishiga qaramasdan, mavjud ehtiyojni qoplamasligi hamda shakllantirilgan prognoz hajmlariga nisbatan iste'molning yuqori bo‘lishi joylarda elektr energiyasining belgilangan limitini ta'minlab bera olmaslikka yoki ta'minlagan taqdirda ham amaldagi iste'mol limitiga nisbatan yuqori bo‘lishiga olib kelmoqda.

Elektr energiyasi infratuzilmasini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish borasida qonunchilikda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Elektr energetika sohasiga so‘nggi uch yilda umumiy qiymati 26 trln. 214 mlrd. so‘m investitsiya kiritilgan bo‘lsa-da, joylarda mazkur sohaning infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid ko‘plab muammolar uchramoqda. Andijon viloyatida joriy yilda elektr uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangi qurish ishlari bo‘yicha rejaning 38,7 foizi hamda transformator punktlari bo‘yicha rejaning 29,9 foizi, Namangan viloyatida esa transformator punktlarini rekonstruksiya qilish rejasining 13,7 foizi bajarilmagan, deyiladi Senat xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid