Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident O‘zbekiston davlat akademik katta teatri faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida qaror imzolaydi
Mamlakatda opera va balet san'atini yanada rivojlantirish, A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Prezidentning “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Madaniyat vazirligi, Teatr arboblari uyushmasi, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrini o‘zbek tilida “O‘zbekiston Katta teatri”, rus tilida “Bolshoy teatr Uzbekistana” deb qisqartirilgan nom bilan atash takliflari ma'qullanishi mumkin.
Madaniyat vazirligi, Teatr arboblari uyushmasi, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Samarqand viloyati hokimligining:
opera va balet san'atini yanada rivojlantirish, aholi, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod orasidagi oshib borayotgan madaniy ehtiyojlarni qondirish, ular orasida uzluksiz targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, xorijiy sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida 2023-2024 yillardan boshlab Qoraqalpoq opera va balet teatri hamda Samarqand opera va balet teatrini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
2021 yildan boshlab teatr san'ati sohasida faol ijod qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida “Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi Milliy teatr mukofoti”ni ta'sis etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
Madaniyat vazirligi, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda:
- teatrning repertuarini milliy opera va balet asarlari bilan boyitish maqsadida teatrning uch yillik repertuar rejasini tasdiqlash;
- har yili “27 mart – Xalqaro teatrlar kuni” doirasida teatr ijodkorlarini “Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi Milliy teatr mukofoti” bilan taqdirlash;
- teatr tarixi va faoliyatini, o‘zbek milliy opera va balet san'atining mohiyati va ahamiyatini aholi ayniqsa, sayyohlarga ekspozitsiya orqali yanada chuqurroq ochib berish, targ‘ib etish maqsadida “Teatr tarixi” muzeyini tashkil etish va hujjatli film yaratish;
- teatr va xorijiy davlatlarning yetakchi opera va balet teatrlari o‘rtasida ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida Rossiya davlat akademik Mariinskiy teatri va boshqa opera va balet teatrlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolanishini shuningdek, dunyoning mashhur opera va balet artistlari va mutaxassislarini respublikamizga taklif etgan holda master-klass, trening va tajriba almashish;
- teatrni malakali kadrlar va yetuk mutaxassislar bilan ta'minlash maqsadida teatr xodimlarini xorijiy davlatlarning opera va balet teatrlarida malakasini oshirish;
- 2021 yil 1 iyuniga qadar xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda teatrning mavjud axborot kommunikatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish hamda spektakllar va tomosha dasturlarini internet jahon axborot tarmog‘i orqali masofadan onlayn tomosha qilish imkonini yaratish vazifalari yuklatiladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
- 2021 yildan boshlab teatr xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish maqsadida teatr rahbariga mazkur muassasada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ijodiy (artist) xodimlar va mutaxassislarga ularning lavozimi va malakasiga ko‘ra, muassasaning budjetdan tashqari va homiylik mablag‘lari hisobidan bazaviy tarif stavkasi va lavozim maoshlari miqdorida har oylik shaxsiy ustamalar belgilashga ruxsat beriladi;
- xalqaro opera va balet festivali hamda tanlovlarida 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan teatr ijodiy jamoasining har bir a'zosi (opera, balet solistlari va boshqa ijodiy xodimlar) davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining tegishli ravishda 60 baravari, 40 baravari va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantiriladi;
- 2021 yil 1 avgustdan boshlab davlat teatrlari hamda konsert-tomosha muassasalarining faoliyati o‘ziga xosligini inobatga olib, istisno tariqasida davlat teatrlari hamda konsert-tomosha muassasalarida ijodkor va xodimlar bilan muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlash tizimi joriy etiladi.
Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:
- teatr va respublikadagi mavjud musiqali teatrlarni yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash va musiqali teatr rejissyorlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Musiqali teatr rejissyorligi” va “Balet rejissyorligi” yo‘nalishlarini tashkil etish;
- mazkur ta'lim muassasasiga xorijiy malakali mutaxassislar (kurs rahbarlari), professor-o‘qituvchilarni jalb etish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tegishli darslik, o‘quv qo‘llanma va ilmiy-uslubiy adabiyotlar bilan ta'minlash vazifasi topshiriladi.
Toshkent shahar hokimligi:
2021-2022 yillar davomida teatrda samarali mehnat qilayotgan xodimlar ijtimoiy sharoitini yaxshilash hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 dona ko‘p qavatli uy-joy va 1 dona ko‘p qavatli xizmat uyi (yotoqxona)ni shaharning teatrga yaqin hududidan qurish va topshirish choralarini ko‘radi;
teatr va unga tutash hududlarni obodonlashtirish, old maydondagi favvorani ta'mirlash hamda tomoshabinlar uchun qulay sharoit yaratish uchun maxsus avtomobil turar joylarini tashkil etish choralarini ko‘radi.