O‘zbekiston | 22:08 / 15.12.2020
29953
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi tumani hokimi betob bo‘lib qoldi. Uning o‘rnida vaqtinchalik rahbar ishlamoqda

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva sog‘ligidagi muammo tufayli lavozimi majburiyatlarini bajara olmaydi. Uning o‘rinbosari Sardor Abdullayev tumanga vaqtinchalik rahbarlik qilib turadi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Qarshi tuman kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Maqsuda Mustafoyevaning tuman aholisiga murojaat qilishi reja qilingan edi. Ammo sessiya ishida tuman hokimi qatnashmagan va uning o‘rniga o‘rinbosari Sardor Abdullayev aholiga murojaat qilgan.

Qarshi tuman hokimining sessiyada qatnashmagani ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘lgach, tuman hokimligi axborot xizmati Maqsuda Mustafoyevaning betobligi tufayli sessiyada qatnasha olmaganini ma'lum qilgan.

«Bugun 2020 yil 15 dekabr kuni tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan VI chaqiriq 23-sessiyada Qarshi tuman hokimi M. Mustafoyeva ishtirok etmaganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Tuman hokimi M.Mustafoyeva betobligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 6-, 21-moddalariga muvofiq, 2020 yil 14 dekabrdan 20 dekabrgacha uning zimmasidagi vazifalarni vaqtincha bajarish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari S.Abdullayev zimmasiga yuklatilgan.

Tuman hokimining 2020 yil 14 dekabrdagi 139-sonli farmoyishi ham chiqarilgan. Sessiya ishi davomida bu farmoyish ishtirokchilarga o‘qib eshittirildi. Sessiya belgilangan tartibda e'tirozlarsiz o‘tdi. Vazifalar me'yorlarga mos ravishda belgilab olindi», deyiladi tuman hokimligi ma'lumotida.

  • Maqsuda Mustafoyeva 2020 yil 4 mart kuni Qarshi tumani hokimi etib tayinlangan edi. U internetda shu yilning yozida Sulton Tex Group ishidagi ishtiroki tufayli ham tanilgandi.

Mavzuga oid