O‘zbekiston | 19:40 / 15.12.2020
1352
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda madaniy meros haftaligi o‘z ishini boshladi

Haftalik «O‘zbekiston madaniy boyligi – yangi Renessans poydevori» mavzusidagi IV Xalqaro kongress, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi 35ta noyob kitob-albom taqdimoti va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy meros haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. 15–18 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan haftalik mamlakat madaniyatini o‘rganish, muhofaza qilish va ommalashtirishga qaratilgan qator tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, haftalikni «O‘zbekiston madaniy boyligi – yangi Renessans poydevori» mavzusidagi IV Xalqaro kongressi ochib berdi.

Kongressda rasmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar, dunyoning 40dan ortiq mamlakatidan 300dan ortiq ilm-fan vakillari, mingga yaqin mahalliy olimlar ishtirok etishmoqda.

Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqovga ko‘ra, kongress uchun mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan 60ga yaqin ma'ruzalar kelib tushgan.

Firdavs Abduxoliqov

«Ularda Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning dunyo sivilizatsiyasi rivojidagi ulkan roli ochib berilgan tadqiqot va tahlillar aks ettirilgani bilan ahamiyatlidir», dedi Abduxoliqov.

Kongress doirasida «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi 35ta noyob kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur kitoblarda Chexiya, Hindiston, AQSh, Kanada, Italiya, Turkiya, Polsha, Buyuk Britaniya, Yaponiya muzeylarida va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid san'at asarlari haqidagi ma'lumotlar jamlangan.

 «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» ko‘p seriyali kitob-albomlar 10 mingdan ortiq nusxada nashr etilib, mamlakatdagi barcha maktablar, ta'lim dargohlari va kutubxonalarga yetkazilgan.

«O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘iga aylangan turizm, ayniqsa, xalqaro turizm madaniy merosning qanchalar yaxshi holatda saqlanishiga bog‘liq. Chunki chet ellik sayyoh aynan tariximiz va madaniy merosimiz uchun bu yerga keladi. So‘nggi yillarda madaniy meros muhofazasi uchun ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo bular hali yetarli emas», dedi bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

Aziz Abduhakimov

Kongress kun tartibiga ko‘ra, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha 2025 yilgacha olib boriladigan ishlarning yo‘l xaritasi tasdiqlanishi kutilmoqda.

To‘rt kun davom etadigan haftalik doirasida madaniy merosni asrash bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganishga qaratilgan yuqori darajadagi muhokamalar, «O‘zbekiston kinematografiyasining o‘tmishi, buguni va ertasi» tadbiri, yosh dizaynerlar tanlovi, milliy liboslar namoyishi kabi tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid