O‘zbekiston | 23:38 / 19.12.2020
31072
2 daqiqa o‘qiladi

200 dollardan kam pul yuborayotgan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarish topshirig‘i berilgani haqidagi xabar yuzasidan izoh berildi

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uychi tumani hokimi oyiga 200 dollardan kam pul yuborayotgan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarish topshirig‘i berilgani haqida gapirgani ma'lum qilingan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Bu xabar bo‘yicha murojaatlarni qayta-qayta ko‘rdim. Buni hokim (Uychi tumani hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqov) emas, uchinchi sektor rahbari, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i aytgan. 

Lekin bu borada hech qanaqa topshiriq yo‘q. Bu nisbiy narsa. Bir oilaga bir oyga qanchadir summa yetishi mumkin. Boshqasiga o‘n baravar ko‘p ketar. Talab degani chek-chegarasiz narsa. Kimdir uyga pul ishlash uchun ketgandir. Bizda ko‘pchilik yoki uy qilish uchun yo to‘y qilish uchun ketadi. Shu sababdan buning chegarasi yo‘q, bunday topshiriq ham yo‘q.

U hayajonlanib shunday gapirgan bo‘lishi mumkin. Bunday ishga yo‘l qo‘ymaymiz. Pozitsiyamiz shundayki, unga avval ish o‘rni yaratib, ularga e'lon qilish, uni qoniqtirsa, o‘zi kelsin.

Albatta agar munosib ish joyi bo‘lsa, oila davrasidan uzoqda, sovuqda qiynalib yurgandan ko‘ra, o‘zining vatanida, oilasida, mahallasida ishlagani ma'qul. Agar biror muammosi bo‘lmasa. 

Shu nuqtayi nazardan bunday topshiriq bo‘lmagan deyishim mumkin», degan viloyat hokimi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov 

Avvalroq OAVda Namangan viloyati Xalq deputatlari kengashida Uychi tumani hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqovning 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yil rejasi haqida hisoboti davomida IIBga uyiga 200 dollardan kam mablag‘ yuborayotgan uychilik mehnat muhojirlarini xorijdan qaytarish topshirig‘i berilgani, bu tashabbus doirasida bunday fuqarolarni shu yerda ish bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yilishi aytilgani haqida xabar tarqalgandi.

Mavzuga oid