Markaziy bank raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Ayubxon Kamalov Markaziy bank raisiga o‘rinbosar etib tayinlandi. Bu ma'lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.
Ayubxon Kamalov yangi lavozimda Saidqahhor Xolxo‘jayevning o‘rnini egallagan.
U 1971 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993 yilda Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti, 2001 yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1993 yilda viloyat hokimligi huzuridagi Istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi mutaxassisligidan boshlagan.
1994-2017 yillarda bank va Moliya vazirligi tizimlarida turli vazifalarda ishlagan.
2017 yildan 2019 yilgacha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimida ishlagan. 2019 yil fevralida Namangan viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, keyinroq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish kotibiyati rahbari lavozimiga o‘tkazilib, hozirga qadar shu lavozimda ishlab kelayotgandi.
Bundan avvalroq 2019 yil martidan buyon MB raisi o‘rinbosari bo‘lgan Saidqahhor Xolxo‘jayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.