Nikpeklar nimasi bilan jalb qiladi? Ular shirin ta'mni eslatadi, biroq ta'm beruvchi qo‘shimchalardan tashqari, ularda asosiy tarkibiy qism – nikotin mavjud. Mahsulot sigaret va veyplarga alternativ sifatida targ‘ib qilinadi. Lekni bir jihati bor – mahsulot tarkibida tamaki bo‘lmasa-da, u salomatlikka zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, gap yoshlar haqida ketsa.
Nikpeklarda yoshga oid tasniflash bor, ya'ni ishlab chiqaruvchilar birinchi navbatda maqsadli bo‘lmagan auditoriyani ushbu mahsulotni iste'mol qilishdan saqlashga urinishadi. Rossiyada nikpekni iste'mol qilgandan keyin ahvolining yomonlashishi – ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi kabi o‘smirlar bilan ro‘y bergan holat ana shunday salbiy oqibatlardan biridir.
Xorijiy ekspertlar tarkibida tamaki bo‘lmagan mahsulotlarni bolalarga sotishga haqli ravishda e'tiroz bildirishyapti. Nikpeklarni iste'mol qilish oqibatida jismoniy va intellektual faollik pasaymoqda, yurak bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, gap yosh avlod haqida ketyapti, chunki bu davrda tana shakllanadi, har qanday tashqi salbiy ta'sir unga kattalarga qaraganda bir necha o‘n barobar kuchliroq ta'sir qilishi mumkin. Salomatlikka zarar yetkazishdan tashqari, mahsulotga o‘rganib qolish xavfi ham bor, ya'ni bu endi muammoning psixologik tomonidir, u bilan kurashish esa oson emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda nikpeklarning bolalar va o‘smirlarni birlashtiruvchi vosita sifatida ommalashib borayotgani kuzatildi. Masalan, internetdagi rus segmentida guruhlar ochib, u yerda nafaqat yetkazib beruvchilarning raqamlarini almashishadi, balki o‘zaro muloqot maydoni sifatida ham foydalanishadi. Bu bilan tamakisiz mahsulotlar, ehtimolki, ishlab chiqaruvchilar uchun ham kutilmagan ravishda auditoriyani birlashtirdi.
Xullas, bu yerda gap foyda olish maqsadida bunga qo‘l urgan tadbirkorlarga qarshi chiqish haqida emas, balki bolalar va o‘smirlarni tamakisiz mahsulotlarning zararli ta'siridan qanday himoya qilish haqida ketyapti. Ular nima deb yozishmasin, nikotin, ayniqsa, yuqori dozada, o‘sayotgan organizm uchun zarur bo‘lgan element emas.
Yaqinda prezident aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta'minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan farmonni imzoladi. Bu bir tomondan. Boshqa tomondan esa – bugun tamakisiz mahsulotlarni nafaqat tamakiga qaramlikdan qutulmoqchi bo‘lganlar, balki o‘smirlar ham sotib olishi mumkin. Yoshlar hali bu borada qonunchilik darajasida himoyalanmagan. Gap shundaki, mahsulotlar bozorda me'yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish darajasidagi o‘zgarishlarga qaraganda tezroq paydo bo‘ladi.















