Quyidagi fotogalereyada odamni yig‘lashga ham, xursand bo‘lishga ham undaydigan, hayajonga soluvchi va qo‘rqituvchi, odamiylikka ishonch yo‘qolmaganini ko‘rsatuvchi suratlar jamlandi.

Foto: EPA/Vostock-photo

2019 yil noyabrida Avstraliyada boshlangan o‘rmon yong‘inlari 2020 yil yanvarining ilk kunlarida avj oldi. Yong‘in jami 100 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydondagi o‘rmonlarni yo‘q qilib, milliarddan ortiq jonivorlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Vayronkor olov koalalarning uchdan bir qismini qirib yubordi. Avstraliya tabiati avvalgi holatiga qaytishi uchun kamida bir asr talab etiladi.

Foto: EPA/Vostock-photo

3 yanvar kuni Bag‘dodda Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetakchi qismi bo‘lmish «Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Iroqda uni yo‘q qilish amaliyoti AQSh prezidenti Donald Tramp topshirig‘i bilan o‘tkazildi. Eron Sulaymoniyga uyushtirilgan suiqasd javobsiz qoldirilmasligini va'da qildi. Mamlakat bo‘ylab o‘n minglab eronliklar ko‘chalarga chiqishdi va Amerikaga qarshi shiorlar aytib, AQSh bayroqlarini yoqishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda uchinchi jahon urushi boshlanishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. 

Foto: Zuma/TASS

13 yanvar kuni Filippin poytaxti Maniladan 70 km masofada joylashgan Taal vulqoni uyg‘ondi va undan lava oqa boshladi. Vulqondan atrofga quyuq tutun tarqala boshlagach, yaqin atrofdagi hududlardan 8 ming kishi evakuatsiya qilindi.

Foto: Reuters

15 yanvar kuni RF prezidenti Vladimir Putin Federal yig‘ilishga murojaat qildi, undagi asosiy mavzu RF Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli haqida edi. U oliy martabali amaldorlarning xorijiy davlat fuqaroligini olishini taqiqlash, parlament, gubernatorlar va Davlat kengashi mavqeyini kuchaytirish tashabbuslarini bildirdi. Uning murojaatidan keyin Rossiya hukumati to‘liq tarkibda iste'foga ketdi.